Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gazetada bosilgan xabarga ko‘ra, Makkada Xudoyorxon bilan qanday voqea sodir bo‘lgan edi?
08:10 / 2021-04-25

Vatanimiz tarixidagi 25 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1498 yil (bundan 523 yil oldin) – tarixchi Xondamirning ma’lumot berishicha, Puli chirog‘ darasida Xuroson hukmdori Sulton Husayn Boyqaro va uning o‘ttiz yoshli o‘g‘li Badiuzzamon o‘rtasida qattiq jang bo‘ldi. Ota va o‘g‘il o‘rtasidagi urush Sulton Husaynning g‘alabasi bilan tugadi. Badiuzzamon Qunduz tomon chekindi. Bu haqda tarixchi Xondamir quyidagicha yozadi:

“Ana shu ahvol asnosida xislati maqtovga sazovor xoqon (Sulton Husayn) o‘zining iqbolli soyasini ana shu ma’rakaga tushirdi. Badiuzzamon mirzoning ko‘zlari podshoh bayrog‘ining mohchasiga tushishi bilan o‘zini yo‘qotdi va shu tarzda otaga qarshi turishni hurmat yuzasidan aqlga sig‘maydigan ish deb hisoblab, ixtiyor va zarurat yuzasidan jang maydonini tashlab chiqdi va yuzini chekinish vodiysiga qaratdi...”

1879 yil (bundan 142 yil oldin) – “Turkiston viloyatining gazeti”da Qo‘qonning sobiq xoni Xudoyorxon haqida xabar bosildi. Bu vaqtda Xudoyorxon Orenburg surgunidan qochib Yaqin Sharqda yurgan edi. U hukmronlik qilgan Qo‘qon xonligi ham ruslar tomonidan tugatib yuborilgandi. Adabiyotshunos va tarixchi Sharif Yusupovning qayd etishicha, xabarda bunday deyilgan:

“Ushbu yaqinda Makka mazma’idin qaytib kelgan bir hoji Xudoyorxon to‘g‘risida aytgan xabaridan zohir bo‘ladurki, ushbu yil Xudoyorxon Makka mazma’ig‘a borib haj qilg‘on ekan. Xudoyorxon xonlig‘ vaqtida bir kishini shahardan badarg‘a aylab, tasarrufidagi amvollarini xazinaga olib, o‘zini haydab yuborgandin so‘ng ul bechora nochor hajg‘a borib, bir necha yildin buyon o‘sha taraflarda turg‘on ekan.

Chun Xudoyorxon haj uchun Makka mazma’ig‘a borganda, ul kishi Xudoyorxonni ko‘rub: “Ey noinsof, manga muncha jabr-zulm qilib, axiyri o‘zungning ham axvoling shul bo‘ldimu?” – deb tosh birla og‘ziga urub, Xudoyorxonni tishini sindiribdur. Ba’daz on xon o‘shal yerni ulug‘lariga arz qilib, urgan kishi bilan taftishga tushgan ekan. Ammo ishlari nechuk bo‘lub bitushgani ma’lum emasdur. Ba har taqdir xud shu kunlarda Xudoyorxonning o‘zi Shom shahrida turgan emish”.

Biroq o‘zbek ma’rifatparvari, shoir Ishoqxon Ibratning yozishicha, voqeaning yakuni gazetadagi xabardan boshqacharoq bo‘lgan. Gazetada yozilganidek, u o‘sha yerning ulug‘lariga arz qilib, urgan kishi bilan taftishga tushmaydi, balki Makkadagi jazo idoralari aybdorga to‘rt yillik qamoq jazosi belgilaganda, sobiq xon uning gunohidan kechganligini aytib bu jazo yumshatilishiga erishadi.

1917 yil (bundan 104 yil oldin) – “Ulug‘ Turkiston” gazetasining birinchi soni chiqdi. Obuna uchun “g‘azitaning bahosi yilliq 7 so‘m, olti oyliq 4 so‘m, uch oyliq 2 so‘m 25 tiyin” narx belgilangan. Gazeta 4 sahifadan iborat bo‘lib, uning birinchi beti yuqori qismida e’lon (reklama) undan so‘ng kunning eng muhim voqeasi bayon etilib, keyingi sahifalarda “Telegraf xabarlari”, “Siyosiy ahvol”, “Adabiyot”, “Dohiliya xabarlari”, “Turkiston xabarlari”, “Toshkand xabarlari” va yana oxirida e’lonlar o‘rin olgan.

1919 yil (bundan 102 yil oldin) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Hamid G‘ulom tavallud topdi (vafoti 2005 yil). Uning komik rollar ustasi Soib Xo‘jayev ijro etgan Toshbolta oshiq to‘g‘risidagi komediyasi Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan. Hamid G‘ulom 1998 yilda “El-yurt hurmati”, 2004 yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan.

1997 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”, “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”, “Savdo, matlubot kooperatsiyasi va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.

2003 yil (bundan 18 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida” Qonunlar qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi