Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gazeta — vijdon ishi
10:30 / 2020-06-21

Tan olish kerak, keyingi yillarda gazetalar mazmun-mundarijasi keskin oʻzgardi, tahliliy-tanqidiy maqolalar salmogʻi ortdi.


Tan olish kerak, keyingi yillarda gazetalar mazmun-mundarijasi keskin oʻzgardi, tahliliy-tanqidiy maqolalar salmogʻi ortdi.

Turli idoralar eshigiga borib, najot topmaganlar tahririyatlarga kelib arzu holini, muammosini bildiradigan boʻlishdi. Bu, albatta, gazetaga boʻlgan ishonch va eʼtibor natijasidir. Matbuotdagi dadil chiqishlarga keng yoʻl berilayotgani, ilgari nomlari unutilgan ijodkorlarga sahifalardan alohida minbar ajratilayotgani ham shubhasiz, yangicha islohotlar mevasi, desak yanglishmaymiz.

Xoʻsh, bu sharoitdan qaysi tahririyat qanday foydalanyapti? Ushbu savolga imkon qadar javob qidirish niyatida oxirgi haftada chop etilgan markaziy gazetalardan ayrimlarini varaqlaymiz.

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining har bir sonida yurtimizdagi oʻzgarishlar, yuksalishlar haqidagi maqolalar joy olayotgani oʻquvchilar sonining oshib borishiga sabab boʻlayotgan boʻlsa, shu hafta mobaynida “Adiblar xiyobonidagi oʻylar” ruknida turkum chiqishlar uyushtirilgani, shoir va yozuvchi, olimlarning mutlaqo koʻrkam qiyofa kasb etgan ijodkorlar maydoniga oid mulohazalari ushbu nashrni maroq va zavq bilan mutolaa qilishga undaydi. Xususan, SamDU professori Muslihiddin Muhiddinovning Alisher Navoiy, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmonning Oʻzbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg, shoira Munavvara Usmonovaning Said Ahmad va Saida Zunnunova haqidagi maqolalari oʻquvchini befarq qoldirmaydi.

“Adolat” gazetasining 2020-yil 19-iyun sonida “Ilmda imtiyoz emas, bilim kerak” sarlavha ostida chop etilgan maqolada ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab boʻlgan mavzu — harbiylar, IIV tizimida ishlayotgan xodimlar farzandlariga beriladigan imtiyoz haqida mulohaza yuritilgan. Imtiyoz endi ish boshlagan kosibga, yosh tadbirkorga berilsa, bundan faqat yutish mumkin. Ammo oʻz kelajagini oʻzi qurishga intilayotgan yoshlarga oliy oʻquv yurtiga kirish alohida imtiyoz qoʻllanilishi bir tarafdan ularni dangasalikka olib kelsa, ikkinchi tarafdan jamiyatda tabaqalanishga sabab boʻlishi mumkin. Negaki, biror bir soha vakili yoʻqki, uyida yonboshlab yotib tirikchilik qilayotgan boʻlsa. Bas, shunday ekan, maqola muallifi Kamol Muhammad Yoqub taʼkidlaganidek, mamlakatimizda ilm-fan sohasida oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish borasida yoshlarimiz uchun asosiy mezon — faqat bilim, qobiliyat, iqtidor boʻlishi kerak. Bu borada biror jabhada orqaga qaytish, kimgadir imtiyoz berish boʻlmasligi shart. Ilm-fan sohasi imtiyozga emas, chinakam bilimga asoslanishi zarur. Ana shunda ilm-fan yana-da rivoj topadi, mamlakat taraqqiyotining asosiga aylanadi.

Muassis va gazeta qanday boʻlishi kerak, degan savolga javoban “Mahalla” va “Ishonch” gazetalari hamda ularning muassislarini aytsak, xolis gapirgan boʻlamiz. Negaki, shunday muassislar borki, oʻz gazetasining moddiy-maʼnaviy ahvolidan mutlaqo bexabar. Yana baʼzilari esa oʻz nashrini chizgan “chizigʻi”dan chiqarmaydi, biror mavzu yoritilishidan oldin qosh-qovoqqa qaraladi. Ushbu ikki nashrning doimiy kuzatuvchisi sifatida aytishim mumkinki, ular sondan-songa oʻqishli, dolzarb, ayrim nomdor nashrlar bersammi-bermasammi, deb olti oy oʻylab oʻtiradigan maqolalarni ham kunda-kunora chop etib boryapti. Bu esa muassisning asl vazifasi nashrga sharoit qilib berib, bemalol ijod qilish uchun koʻmak berish ekanligini amalda koʻrsatayotir. Shu bois bu kabi nashrlar tilga tushib, jamoatchilik eʼtiborini muhim mavzularga qaratmoqda. Masalan, “Mahalla” gazetasi muxbiri Yulduz Hojiyeva ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan ikki ayolning yana boshqa bir ayolni ayovsiz kaltaklanayotgani aks etgan videosi haqida “Qoʻshkoʻpirlik ayol nega xoʻrlandi?” sarlavhali maqola tayyorlagan. Unda voqeaning asl sabablarini tahlil qilar ekan, keyingi paytlarda bunday holatlar koʻpayib borayotgani, buning sabab va ijtimoiy omillari haqida iztirob bilan mulohaza yuritadi muallif.

Umuman, 32 sahifada chop etib kelinayotgan “Mahalla”ning bu galgi sonida birorta ham “shunchaki” maqola yoʻqligi eʼtiborni tortsa, “Ishonch”, “Maʼrifat”, “Oila davrasida”, “XXI asr”, “Milliy tiklanish”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Oʻzbekiston ovozi” kabi gazetalarning nafaqat mavzulari, balki dizayni, maqolani joylashtirish uslublarida ham katta ijodiy yondashuv koʻzga tashlanayotgani quvonarlidir.

Nazarimizda gazetani axborot manbai, deb qarash bugun eskirdi. Chunki internet rivojlangan bugungi kunda oʻquvchi uchun qaysidir tumanda qandaydir korxona ochilgani qiziq emas. Qolaversa, nashrning kerakli manzilga yetib borishi tobora muammo boʻlib borayotgan ayni damda axborot eskirib boʻladi. Shunday ekan, odamlarni oʻylantirayotgan muammolarni, taraqqiyotga gʻov boʻlayotgan korrupsiya holatlarini, ming marta aytsakda, hech yoʻqotib boʻlmayotgan tanish-bilishchilikni, qarindosh urugʻlarini katta-katta amallarga mindirib qoʻygan amaldorlarni koʻproq urib chiqqan, bunga jurʼat etgan nashrlargina yashab qoladi.

Yana bir gap. Bugun nomdor saytlarda biror mavzu yoritilib, shov-shuv boʻlsa, uni oʻqishga oshiqamiz. Jiddiy mavzuni dadillik bilan tanqid qilgan sayt ijodkorlariga ofarin deymizu, maʼlum muddat uning oʻchirib yuborilganini koʻrgach esa nima deyishni bilmay qolasan, kishi. Shu jihatdan olib qaraganda ham, gazeta mushtariy uchun sadoqatli. Zotan, gazeta — hujjat. Gazeta — guvoh. Uni oʻn yil, yuz yildan keyin ham oʻqish, sahifalaridan kerakli manbalarni topish mumkin. Buning uchun bugun sizu biz yozsa boʻladigan, aniqroq aytganda, yigirma yildan keyin ham bersa-bermasa boʻlaveradigan mavzularni emas, yozmasa boʻlmaydigan holatlarni koʻproq olib chiqsak, nafaqat oʻquvchi, balki vijdon oldida ham yuzimiz yorugʻ boʻladi.