Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Gazeta odamlar dardini aytsa, xalqqa yaqin bo‘ladi”
17:42 / 2019-10-16

Samarqand shahrida “Ishonch” va “Ishonch – Doverie” gazetalari ijodkorlarining mushtariylar bilan uchrashuvida bosh muharrir Husan Ermatov bu fikrni alohida qayd etdi.


Samarqand shahrida “Ishonch” va “Ishonch – Doverie” gazetalari ijodkorlarining mushtariylar bilan uchrashuvida bosh muharrir Husan Ermatov bu fikrni alohida qayd etdi.

– Bugungi shiddatkor davrda axborot olish manbaalari juda ko‘payib ketdi, – deydi H.Ermatov. – Internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlar informatsiya olish va tarqatish uchun qulay maydonga aylandi. Shu bilan birga televidenie, radio va gazetalar ham bu funksiyasini yo‘qotgan emas. Ayni paytda butun dunyoda bu jarayon kuzatilmoqda. Ana shunday sharoitda gazeta chop etish murakkab bo‘layotganini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Lekin bu ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar yozayotganidek “gazeta o‘ladi” degani emas. Har qanday sharoitda ham bosma ommaviy axborot vositalari axborot tarqatish, odamlarda jamiyatda kechayotgan voqea-hodisalarga nisbatan ijtimoiy fikrni shakllantirishga xizmat qilaveradi. Ko‘ryapmiz, bugun zamonaviy axborot texnologiyalar juda rivojlanib ketgan davlatlarda ham gazetalar o‘z o‘rnini yo‘qotgan emas, zamon shiddatiga mos tarzda faoliyat ko‘rsatib, o‘quvchilariga yangi gap aytishga harakat qilmoqda. Jumladan, bizda ham bugun gazeta tahririyatlarining ish faoliyati, axborot tarqatish uslublari davr talabidan kelib chiqib o‘zgarmoqda. Chunki, gazetada jamiyat hayoti aks etishi, odamlarni o‘ylantirayotgan, tashvishga solayotgan masalalar ko‘tarib chiqilishi kerak. Gazeta ana shu muammolar yechimiga xizmat qilsa, xalqqa yaqin bo‘lmoqda. Mushtariylar “bugun gazeta qaysi muhim masalani ko‘tarib chiqar ekan”, deb nashrni kutmoqda. Yurtimizda ham bugun ommaviy axborot vositalariga munosabat o‘zgargan, to‘g‘ri so‘zni aytish, hayot haqiqatini bayon etish uchun jurnalistga yoki ommaviy axborot vositasiga hech qanday cheklov yoki to‘siq qo‘yilmagan. Prezidentimizning o‘zi jurnalistlarni jamiyatdagi illatlarga qarshi murosasiz bo‘lishga, ko‘proq tanqidiy-tahliliy materiallar yozishga da’vat etmoqda. Bunday paytda ommaviy axborot vositalari vakillaridan jasorat emas, teran nigoh, uyg‘oq fikr, farosat talab qilinadi.

Bizning gazetalarimiz ham yurtimizdagi, jamiyatimizdagi o‘zgarishlarga monand fikr aytishga, sahifalarimizda hayot haqiqatini aks ettirishga harakat qilmoqda. Bunga o‘zingiz ham guvohsiz. Lekin bugun gazetalarimizni yana ham o‘qishli, mazmun-mundarijasini kengaytirish uchun nimalarga e’tibor berishimiz kerakligi haqida sizlarning fikringizni bilish uchun bu yerga keldik. Yuzma-yuz muloqot qilishni joiz deb bildik.

Uchrashuvda “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov bugungi kunda ayrim gazetalar muharrirlarining “obuna kamayib ketdi” deb nolish o‘rniga joylarga chiqib, mushtariylar bilan uchrashishi, ularning taklif va istaklarini tinglagan holda ishlashi kerakligini ta’kidladi.

– Ilgari gazeta tahririyatlari o‘z o‘quvchilari bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazardi va bu ikki tomon uchun ham foydali bo‘lardi, – deydi Hasan Normurodov. – Ammo keyingi paytda bunday tadbirlar kamayib ketdi. Ikki yildan buyon “Ishonch” va “Ishonch – Doverie” gazetalari bu an’anani davom ettirayotgani e’tiborli. Men kuzatib boraman, o‘tgan yil samarqandlik mushtariylar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aytilgan takliflar, mulohazalar keyinchalik gazeta faoliyatida o‘z ifodasini topdi. Bu gazetalar O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining nashrlari hisoblansa-da ularda faqat shu tarmoq emas, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi yangilik va o‘zgarishlar yoritilmoqda. Ayniqsa, tanqidiy-tahliliy materiallar, respublika ahamiyatiga molik muhim tashabbuslarga keng o‘rin berilmoqda. Shu orqali gazeta o‘quvchilari safi kengaymoqda, gazetani so‘rovchilar ko‘paymoqda.

Samimiy muloqot davomida “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri F.Toshev, Samarqand davlat universiteti professori F.Nabiev, Samarqand viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi S.Rafiqov va boshqalar ham bugungi kunda gazeta va gazetxonlik, obuna masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Ayni paytda gazetalarning o‘z vaqtida o‘quvchilarga yetib bormayotgani ham obunaga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Bu o‘rinda gazeta va jurnallarni yetkazib berish bilan shug‘ullanayotgan ayrim tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga tegishli tartibda huquqiy baho berish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv qatnashchilari siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning yaqinda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi sayti (uza.uz) va “Ishonch” gazetasida chop etilgan “Ilk va so‘nggi so‘zimiz: Vatan” sarlavhali materiali haqida ham o‘z fikrlarini bildirib, nashrlarimizda ana shunday tahliliy materiallarning chop etilishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqimiz va jahon afkor ommasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida yorqin tasavvur hosil qilishga yordam berishini ta’kidladilar.

Tadbir davomida mushtariylariga gazetalar ijodkorlari tomonidan tayyorlangan “Bir yilga bir nazar” kitobi va “Ishonch” gazetasining Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan chop etilgan maxsus soni sovg‘a qilindi.