Gazdan noqonuniy foydalanilgan
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialining “Namangan shahargaz” bo‘limi xodimlari tomonidan aholi xonadonlari va soha ob’ektlarida olib borilayotgan o‘rganishlar vaqtida tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yangi Namangan tumanidagi Axsikent mahallasi 1-Komil Yormatov ko‘chasida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkor “B.A.” kulolchilik sexida gaz hisoblagichdan tashqari yer ostidan yashirincha gaz quvuri tortilgan.
Mazkur holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, tabiiy gaz sarfi qayta hisoblandi va 1 milliard so‘mdan ziyod jarima belgilandi. Noqonuniy ulangan quvur payvandlash uskunasi orqali tarmoqdan ajratildi.
Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha barcha tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.