Maktablarda o‘quv yili yakunlanib, o‘quvchilar yozgi ta’tilga chiqdi. Bolajonlarning dam olish mavsumini sermazmun, maroqli o‘tkazishi uchun oromgohlarda yangi do‘stlar bilan ko‘ngilochar o‘yinlar va unutilmas taassurotlarga boy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirgan.
Surxondaryo viloyatida “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali rahbariyati va boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi jamoa farzandlarining yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishiga alohida e’tibor berib, ularning turli oromgohlarda dam olishini tashkil etadi. Bu yil mavsumning ilk oyidan filial va hududlardagi gaz ta’minoti bo‘limlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning 77 nafar farzandi hordiq chiqarib, sog‘lomlashishi uchun eng xushmanzara oromgohlarga kuzatildi.

Ayni kunlarda surxondaryolik fidoyi gazchilar o‘g‘il-qizlarining 61 nafari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Zangori olov” bolalar oromgohida dam olmoqda. 16 nafari Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi “Beshbuloq” bolalar dam olish oromgohida yozgi ta’tilni mazmunli va foydali o‘tkazmoqda. Betakror tabiat manzaralari, salqin havosi, zamonaviy infratuzilmasi bilan tanilgan ikkala so‘lim oromgohda ham o‘quvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Ishchi-xodimlar va ularning farzandlari uchun g‘amxo‘rlik qilishni muhim vazifa sifatida belgilab olganmiz, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali boshlang‘ich kasaba uyushmasi raisi Ali Qobilov. –Har birimiz o‘g‘il-qizlarning sog‘lom, baxtli va bilimli bo‘lib ulg‘ayishini istaymiz. Oromgohlarda bolalar nafaqat dam oladi, balki hayotiy saboqlar, mustaqil fikrlash, jamoada yashash kabi ko‘nikmalarni ham o‘zlashtiradi. Bu ularning kelajakda barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishida muhim omil bo‘ladi. Farzandlarimiz dam olayotgan so‘lim va xushmanzara maskanlarda ularning qulay sharoitda yashashi, sifatli ovqatlanishi, madaniy hordiq va sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi uchun barcha imkoniyat bor. Turli to‘garaklar, tanlovlar, ijodiy kechalar, teatr sahnalari, sport musobaqalari orqali o‘z iqtidor va iste’dodlarini keng namoyon etadi.


– Ishimizning mas’uliyati og‘ir, – deydi Qumqo‘rg‘on tumanida mehnat qiladigan gazchi Jahongir Yakubov. – Bolajonlarimizga ko‘rsatilayotgan mehribonliklar kundalik ishimizni samarali tashkil etishga undaydi. Chunki biz farzandlarimizning dam olish faslini qanday o‘tkazishi haqida ko‘p ham o‘ylamaymiz. Korxonamizning o‘zi tashkillashtiradi. Bu yil ham shu an’ana asosida farzandim oromgohda miriqib dam olmoqda. Har kuni kechki payt telefon orqali taassurotlarini hayajon bilan so‘zlab beradi.
Kelgusi mavsumda viloyatdagi gazchilarning yana yuzdan ortiq farzandi so‘lim oromgohlarga yo‘l oladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri