English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"G‘azal g‘izoli"ning taqdimot marosimidan fotoreportaj
19:28 / 2022-02-18

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti hamkorligida “G‘azal g‘izoli” bayozining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar, bayozga g‘azallari kirgan mualliflar, yosh ijodkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Mazkur to‘plamda zamondosh shoirlarimizning g‘azaliyotidan namunalar jamlangan. Ming yillik tarixga ega bo‘lgan g‘azal bugungi kunda ham insonning quvonchu qayg‘usi, tashvish va iztiroblari, umid va shodliklari, orzu va armonlarini ifodalash uchun muhim badiiy vosita sifatida milliy adabiyotimizda o‘ziga xos o‘ringa ega.

Ushbu kitob 2021 yilda “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan. Unga Olimjon Davlatov mas’ul muharrirlik qilgan. G‘oya muallifi Rustam Mirvohid. To‘plab, nashrga tayyorlovchi Shoira Shams. “G‘azal g‘izoli”, deb nomlangan bayoz aruz vaznida qalam tebratayotgan zamondosh shoirlarimizning ijodini anglash uchun yaxshi ko‘makchi vositadir, deya ta’kidlandi. Shuni aytish lozimki, o‘tgan asrning 40-50-yillarida aruz vaznida she’r yozish qayta jonlangan bo‘lib, munosabat ham shunga yarasha murakkab tus olgandi. Bir tomondan, Alisher Navoiy yubileyi munosabati bilan aruz vaznida yozilgan she’rlarga xayrixohlik quvvat olgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa aruzga o‘tmishga aylangan qadrsiz qadriyat, muzey eksponati sifatida qarash ustuvorlik kasb qila boshlagandi. Ammo o‘zbek ijodkorlari ulug‘ shoirlarimiz qoldirgan aruzni rivojlantirib, go‘zal asarlar yaratishga erishdilar. Chustiy, Vasfiy, Sobir Abdulla qatoriga Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Omon Matchonlar qo‘shilgani yodga olindi.

[gallery-5817]

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar “Yoshlik devoni”dan keyingi davrda yaratilgan g‘azalchilik, aruzda qalam tebratayotgan shoirlar ijodini saralash, ularni adabiy tanqid g‘alviridan o‘tkazib, yutuq va kamchiliklarini muhokama etish jarayonini yana jonlantirish zarurligini aytib o‘tishdi. Ushbu bayozdan o‘rin olgan Jamol Kamolning “Yolg‘on gapirmaslik”, Mirzo Kenjabekning “Ibodatdir”, Sirojiddin Sayyidning “Kuydim” radifli g‘azallari xalqimizning ma’naviy boyligiga aylanib, mumtoz g‘azalchilikka bo‘ylashadigan asarlar ekani alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, yosh iste’dodlarning Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy she’riyatidan ilhomlanib, bugungi davr nafasini ko‘p asrlik aruz vaznida ifoda etishga harakat qilishayotgani esa adabiyotimizda vorisiylik silsilasida katta ko‘prik vazifasini o‘taydi.

So‘zga chiqqanlar “G‘azal g‘izoli”ning jamiyatimiz hayotida tutadigan o‘rni haqida gapirdi va kitobdan o‘rin olgan g‘azallardan parchalar o‘qib berdi. Xonandalar ijrosida yangragan kuy va g‘azallar davraga ajib bir ruh baxsh etdi.

Muhammad AMIN (surat), O‘zA