Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘azab va savollar: Gonkongdagi fojia kutilganmidi?
14:54 / 2025-11-28

Gonkongni larzaga solgan, so‘nggi o‘n yilliklarda eng dahshatli hisoblangan yong‘in ortidan shahar bo‘ylab g‘azab hissi va savollar to‘lqini ko‘tarildi. “Wang Fuk Court” turar-joy majmuasida kelib chiqqan yong‘in kamida 94 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, o‘nlab fuqaro og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Hamon 300 ga yaqin insonning taqdiri noma’lum ekani fojianing dahshatidan darak bermoqda.

Hodisa 1962 yildagi “Sham Shui Po” halokatini ham ortda qoldirib, Gonkong tarixidagi eng ulkan fojialardan biriga aylandi. Mutasaddilar dastlabki tergov natijasiga tayanib, olov o‘ta tez tarqalishiga binodagi sifatsiz, yonuvchan yelim va to‘r materiallar, shuningdek bambukdan yasalgan qo‘shimcha qurilmalar sabab bo‘lganini aytmoqda. Endilikda ko‘pchilik bu voqeani “tasodifiy fojia” emas, balki inson qo‘li bilan yuzaga keltirilgan halokat sifatida baholamoqda.

Ayni payt uch nafar qurilish mas’uli “manslaughter” – ehtiyotsizlik tufayli odam o‘ldirish aybi bilan hibsga olingan. Korrupsiya idorasi ham alohida surishtiruv boshladi. Juda ko‘p fuqarolar yong‘in vaqti ogohlik qo‘ng‘irog‘i ishlamagani, ta’mirlash ishlari davomida signalizatsiya o‘chirib qo‘yilgani, quruvchilar sifatsiz materiallardan foydalanganini aytmoqda.

Mazkur hudud taxminan 4 600 aholiga makon, ulardan qariyb 40 foizi keksalar. Ayni holat, qolaversa tor xonalar, zich yashash sharoiti va yong‘inga chidamsiz materiallar qutqaruv jarayonini yanada murakkablashtirgan.

Hozir yuzlab fuqaro vaqtincha boshpanaga ko‘chirildi, o‘nlab oila uysiz qoldi. Mahalliy aholi avval ham bunyodkorlik loyihalari shaffof emasligi, narx asossiz ravishda balandligi, xavfsizlik masalasi nazarda tutilmayotgani bilan bog‘liq e’tirozlarni bildirgan. Bunday xavotirlar e’tiborsiz qoldirilgani yana bir jiddiy savolni tug‘dirmoqda: fojiaga kimning beparvoligi sabab?

Mutaxassislar ta’kidicha, Gonkongda bambuk ustundan foydalanish keng tarqalgan bo‘lsa-da, tez yonuvchan ushbu modda o‘ta xavfli. O‘tgan oy markaziy tumanda bambuk to‘sin yongach, yirik yong‘in kelib chiqqani ham eslandi. Demak, vaziyat shahar bo‘ylab bu borada tizimli muammo mavjudligiga ishora qilmoqda.

Hukumat barcha yirik ta’mir ishlari olib borilayotgan turar-joy majmualarida zudlik bilan tekshiruv boshlanishini e’lon qildi. Omon qolganlarning aksari bir fikrni ta’kidlayapti: halokatdan bir necha oy oldin ogohlantirgan bo‘lishsa-da, hech kim odamlar ovoziga quloq tutmagan. Endi mahalliy aholi adolat va islohot talab qilmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA