Mamlakatimiz neft va gaz sanoati iqtisodiyotimiz uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, energiya xavfsizligi va barqaror rivojlanishning asosiy tayanchi hisoblanadi.
Shu sababli, “O‘zbekneftgaz” AJ nafaqat ichki iste’molni ta’minlash, balki eksport salohiyatini kengaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va energiya tejamkorlikni ta’minlashga keng e’tibor qaratmoqda.
Jamiyat boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda 2026 yilga mo‘ljallangan rejalar va yil yakuni muhokama qilindi. Unda ishlab chiqarish hajmlari, iqtisodiy samaradorlik, mahsulot tannarxini kamaytirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, geologiya-qidiruv va qurilish ishlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tizimdagi boshqarma va zavodlar rahbarlari kutilgan uglevodorod qazib chiqarish va tayyor mahsulot ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari hamda 2026 yil rejalari yuzasidan hisobotlar taqdim etdi. Boshqaruv raisi hisobotlarni tahlil qilish, biznes rejalarni qayta ko‘rib chiqish va daromad-xarajatlar balansini muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi. Har bir rahbarning mas’uliyatini oshirish esa asosiy vazifa sifatida belgilandi.
Ushbu yig‘ilishda respublika aholisiga suyultirilgan gaz va neft mahsulotlarini uzluksiz va barqaror yetkazib berish alohida qayd etildi. Shuningdek, xorijiy va qo‘shma korxonalar bilan tuzilgan shartnomalarni tanqidiy tahlil qilish va mahsulot yetkazib berishdagi kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Yig‘ilishda 2026 yilgi iqtisodiy rejalarni boshqaruv raisi va departament rahbarlari huzurida shaxsan taqdim etish va himoya qilish amaliyoti joriy etilishi e’lon qilindi. Shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ichki xarajatlarni qisqartirish va xodimlar faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish vazifalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA