Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz tejaladi, tabiat asraladi: O‘zbekistonda ilk milliy gidroelektr stansiyaning yana qanday foydasi bor?
16:41 / 2025-10-09

Prezident tashrifidan so‘ng...

Gidroelektr stansiyalar qurilishi mamlakat energetika tizimini barqaror rivojlantirishdagi eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu loyihalar nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshiradi, balki iqtisodiy o‘sish, ekologik barqarorlik va suv resurslaridan oqilona foydalanishga ham xizmat qiladi.

Gidroenergetikaning asosiy ustunligi shundaki, u tabiiy manbalarga tayanadi va atmosferaga zararli chiqindilar chiqarmasdan energiya ishlab chiqaradi. Suv oqimining kuchi orqali toza va arzon elektr energiyasi hosil qilinadi. Shu jihatdan bu kabi loyihalar “yashil energiya”ning eng samarali ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda jahon bozorida neft va gaz narxlarining o‘zgaruvchanligi hamda tashqi bozorlarga bog‘liqlik ko‘p mamlakatlar uchun jiddiy muammoga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, mahalliy suv resurslariga asoslangan gidroelektr stansiyalar energetik xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Gidroinshootlar qurilishi mahalliy iqtisodiyotga ham kuchli turtki beradi. Bu jarayonda yo‘llar, elektr tarmoqlari, turarjoylar va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalari barpo etiladi. Buning natijasida butun hududda iqtisodiy faollik oshadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

[gallery-25662]

Eng muhimi, GESlar mamlakatning energetik tizimini barqarorlashtiradi. Quyosh yoki shamol energiyasi tabiat sharoitiga bog‘liq holda ishlab chiqarilsa, gidroelektr stansiyalar yilning har faslida, kunu-tuni ishlay oladi. Shu orqali ular boshqa energiya manbalarini qo‘llab-quvvatlab turadi va umumiy tizimda barqarorlikni ta’minlaydi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishini boshlab bergan edi. O‘tgan oy ulardan biri — Norin GESlar kaskadining dastlabki bosqichi ishga tushirildi.

Prezidentimiz yaqinda Namanganga tashrifi chog‘ida mazkur energetika inshootini borib ko‘rdi. Prezident tashrifidan so‘ng biz ham ushbu inshootda bo‘lib, uning ahamiyati haqida yaqindan ma’lumot oldik. Ushbu maqolada ana shu yirik loyihaning ahamiyati haqida so‘z yuritamiz.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashda strategik yo‘nalish sifatida belgilangan. Energetika tizimidagi bunday yirik loyihalar aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, sanoat tarmoqlarini uzluksiz ishlatish hamda iqtisodiy samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin daryosida umumiy quvvati 228 megavatt bo‘lgan 6 ta “Norin GESlar kaskadi” qurilishi boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 428,5 million dollar bo‘lib, barcha uskuna va texnologiyalarning yurtimizda ishlab chiqarilayotgani uning qo‘shimcha qimmatini belgilaydi.

Qurilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Kelasi yilda GES-2 va GES-3, 2027 yilda esa qolgan kaskadlar ishga tushiriladi. Har bir stansiyaning quvvati 38 megavatt bo‘lib, ular faoliyatga kirishishi bilan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

— Birinchi bosqichda GES-1 ishga tushirildi, — deydi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Avazbek Zokirov. — Eng muhimi, u to‘liq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida barpo etildi. Shu ma’noda, uni mamlakatimizdagi “birinchi milliy gidroelektr stansiya” deyish mumkin. Bu dastlabki kaskadimiz yillik 171 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng 430 ming xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, yiliga 290 million kub metr gaz tejaladi. Bu iqtisodiyot uchun qariyb 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha manfaat demakdir. Shu jihatdan “Norin GESlar kaskadi” nafaqat energetik, balki ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ham ega. Davlatimiz rahbariga shu yerda yangi turdagi innovatsion mikrogeslar ishlash tartibi namoyish etildi. Bu loyihalar ham mahalliy konstruktor va injenerlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan.

Bu agregatlar kam bosimli suvda ham ishlashi bilan ahamiyatli. Shuningdek, ularni boshqarish juda qulay. Mamlakatimizda bunday past bosimli suv oqimlari juda ko‘p. Mazkur tajribani keng qo‘llash yaxshi samara beradi.

O‘zbekiston gidroenergetikasi tarixida ilk bor ushbu loyiha doirasida gorizontal kapsula tipidagi gidroagregatlar joriy etildi. Ular kichik bosim sharoitida ham yuqori samaradorlik bilan ishlaydi va milliy gidroenergetika sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda.

Yana bir muhim jihati, hududda ma’muriy va xizmat binolari, dispetcherlik punkti barpo etildi. Atrof muhitni muhofaza qilish va hududni obodonlashtirish maqsadida 6 ming tup manzarali daraxt ekildi, kelgusi bahorda yana 7 ming tup mevali ko‘chat ekish rejalashtirilgan.

“Norin GESlar kaskadi” energiya xavfsizligini mustahkamlash, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan strategik loyiha hisoblanadi.

Ikrom AVVALBOEV, Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA muxbirlari