Energetika vazirligi matbuot xizmati 30 yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash natijalari bo‘yicha ma’lumotni taqdim etdi.
Unga asosan elektr stansiyalar orqali 224 million 600 ming kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, iste’molchilarga 218 million 100 ming kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Shuningdek, ular 144 million 700 ming metr kub tabiiy gaz va 2000 tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. Hududlarda 2 ming 600 tonna suyultirilgan gaz hamda 23 ming 500 dona gaz ballon zaxirasi mavjud.
Byudjet tashkilotlarini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 1400 tonna ko‘mir hududlardagi omborlarga ortib yuborildi.
Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.
Gaz tarmoqlarida tabiiy gaz bosimi ko‘tarilishi natijasi 1 kunda 241 ta mahalladagi 77 ming 359 ta xonadonning tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi. Gaz tarmoqlarida sodir bo‘layotgan nosozliklarni bartaraf etish ishlari iste’molchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirilmoqda.
O‘zA