Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishda Italiya bilan hamkorlik
10:21 / 2023-03-31

“Hududgazta’minot” AJ va Italiyaning yetakchi kompaniyalari o‘rtasida mamlakatimiz gaz ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish va ilg‘or xorijiy tajribaga ega malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan bir qator bitim va shartnomalar imzolandi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.

Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, “Hududgazta’minot” AJ tomonidan “Pietro Fiorentini S.p.A.” kompaniyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” loyihasi amalga oshiriladi. Mazkur loyiha “SACE” (Italiya) davlat eksport-kredit agentligi tomonidan 200 million yevro miqdorida jalb qilinadigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, “HGT Training” o‘quv markazi negizida Italiya tajribasi asosida gaz sohasi uchun yetuk muhandislarni tayyorlash maktabi tashkil etiladi.  

“Pietro Fiorentini S.p.A.” kompaniyasi tomonidan zamonaviy gaz tartiblash punktlari (GTP), bosim rostlagichlar, fil’tr va boshqa komponentlar, “Terranova S.R.L” kompaniyasi tomonidan esa gaz tartiblash punktlarini masofadan monitoring va nazorat qilishga imkon beruvchi telemetriya tizimi yetkazib beriladi.  

Ta’kidlash joizki, “Pietro Fiorentini S.p.A” kompaniyasining 4 ta gaz taqsimlash punkti tajriba-sinov tariqasida fuqarolarning eng ko‘p murojaatlari kelib tushgan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi “Kattahovuz” mahallasida joriy etildi. Natijada ushbu mahallaning gaz ta’minoti tizimi tartibga solinib, 305 ta aholi xonadoni hamda 5 ta ulgurji iste’molchilarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash va real vaqt rejimida texnologik jarayonlarni nazorat qilish imkoniyati yaratildi.  

Mamlakat gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bilan bir qatorda, zamonaviy va ilg‘or texnologilarda ish faoliyatini amalga oshiruvchi hamda gaz xo‘jaligi boshqaruviga zamonaviy tajribalarni joriy qilishda malakali soha muhandislarini qayta tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.  

2022 yil 8 sentyabrda tashkil etilgan “HGT Training” o‘quv markazi negizida gaz sohasi uchun ilg‘or Italiya tajribasi asosida yetuk muhandislarni tayyorlash maktabi eng so‘nggi zamonaviy texnika va anjomlar bilan jihozlanadi hamda mashg‘ulotlarni o‘tish uchun xorijiy mutaxassislar taklif etilishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda mazkur markazda gaz ta’minoti sohasida ilg‘or ta’lim dasturlari va texnologiyalari asosida chuqur bilimga ega rahbar xodim va mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimi yaratilgan.  

 

O‘zA