Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz tanqisligi, ehtimoliy muzokaralar, yangi Bosh vazir pozitsiyasi...
20:50 / 2022-10-26

Rossiya-Ukraina inqirozi

AQSHning iqlim bo‘yicha maxsus vakili Jon Kerri Ukraina inqirozi ikkinchi yilga o‘tmaydi, deya bayonot berdi.

“Men mojaroning keyingi yil davom etmasligiga ishonaman. Ziddiyatni hal qilishning yagona yo‘li, bu – muzokaralar olib borish”.

“Inqiroz davom etsa, Yevropa mamlakatlari gaz tanqisligiga duch keladi. Bu yil gaz zaxirasi mavjud edi, ammo ikkinchi yili gaz yetishmovchiligi bo‘lishi aniq!”, dedi Kerri.

AQSH davlat kotibi Entoni Blinken MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi bilan Vashingtonda uchrashib, unga “Zaporoje atom elektr stansiyasida xavfsizlikni ta’minlashdagi sa’y-harakati uchun minnatdorlik bildirdi”. Bu haqda Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays ma’lum qildi.

Blinken, shuningdek, Moskvaning “iflos bomba” bo‘yicha ogohlantirishi “tuhmat” ekanini aytib, MAGATE delegatsiyasining Ukrainaga navbatdagi safarini olqishlashini bildirdi.

Bundan tashqari, Amerika tashqi siyosat mahkamasi rahbari NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan telefon orqali suhbatda Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari Ukrainaga bundan keyin ham yordam berishda davom etishlari lozimligiga ishora qildi.

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per bayonotiga ko‘ra, AQSH ma’muriyati Kiyev Rossiya bilan ehtimoliy muzokara to‘g‘risidagi qarorni o‘zi qabul qilishi kerak, deb hisoblaydi.

“Qo‘shma Shtatlar, albatta, Rossiya va Ukraina muzokarasida faol ishtirok etishi lozim”, deb qo‘shimcha qildi Jan-Per.

MDH davlatlari xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida so‘zlagan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Ukraina hududi harbiy biologik tajriba uchun poligonga aylantirildi, endi qurol, jumladan, og‘ir qurol bilan to‘ldirilmoqda va Kiyev rejimining yadroviy qurolga ega bo‘lish istagi e’tibordan chetda qolmaydi”, dedi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida hamkasbini Kiyevga taklif etdi. Yangi hukumat rahbari ham “Ukrainani to‘la qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini” bildirdi.

Hindiston mudofaa vaziri Rajnatx Singx rossiyalik hamkasbi bilan telefon suhbatida Nyu-Dehli mojaroni tezroq hal etishda muloqot va diplomatiya yo‘lidan borish zarurligini ta’kidladi.

Ukraina Prezidenti ma’muriyati rahbari Andrey Yermak AQSH rahbarining milliy masalalar bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan, Buyuk Britaniya milliy xavfsizlik masalasi bo‘yicha maslahatchisi Tim Berrou va Fransiya yetakchisining tashqi ishlar maslahatchisi Emmanuel Bonn Kiyevning xavfsizlik kafolatlari masalasini muhokama qilgan.

Yermak, shuningdek, hamkasblariga Kiyevning imkoni boricha tezroq havo hujumidan mudofaa tizimini olish to‘g‘risidagi niyatini yetkazgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Tehron Ukraina ziddiyati bo‘yicha qarashlarini o‘zgartirmaydi, deb yozdi.

Avvalroq vazir “Eronning izchil va prinsipial siyosatiga ko‘ra, “biz Ukrainadagi mojaroda tomonlar qurol-yarog‘ bilan ta’minlanishiga keskin qarshimiz”, deya bayonot bergan edi.

Ukraina Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko bayonotiga ko‘ra, uning mamlakati ikki yilda Yevropa Ittifoqiga kirishi uchun bor imkoniyatini ishga soladi.

“Oliy Rada har yalpi yig‘ilishida bu sa’y-harakatning barcha yo‘nalishlarida ishni imkon qadar tezlashtirish uchun kamida bitta Yevropa integratsiyasi qonunini ko‘rib chiqishga intiladi”, deb qo‘shimcha qildi vazir.

Abror XON, O‘zA