Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda
19:23 / 2025-10-17

Yurtimizda har yili kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish borasida elektr energiyasi, issiqlik va tabiiy gaz ta’minotini uzluksiz tashkil etish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar qilinadi.

Toshkent viloyatida ham iste’molchilarni bir me’yorda tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida yuqori va o‘rta bosimli gaz taqsimlash qurilmalarini joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Joylarda gaz quvurlari bo‘yaldi va holatini pribor usuli yordamida tekshirish ishlari amalga oshirildi. Yuqori va o‘rta bosimli gaz taqsimlash nuqtalarini mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 

Bekobod tumanida ham aholining ehtiyojlarini to‘liq qondirish, gaz ta’minotidagi barqarorlikni ta’minlash va texnologik yo‘qotishlarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom etmoqda. Bu ishlar natijasida nafaqat iste’molchilarning qulay sharoitda yashashi ta’minlanadi, balki energiya resurslaridan samarali foydalanish, yo‘qotishlarni kamaytirish ham ko‘zda tutiladi. 

– Hududdagi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan ko‘p qavatli uylar ostida qolib ketgan, yaroqsiz va foydalanish muddati o‘tgan 57 millimetr diametrli 800 metr yer osti gaz quvuri yangilanib, xavfsizlik talablariga muvofiq yer ustiga chiqarildi. Ushbu gaz tarmog‘i to‘liq yangilangan holda foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Parchayuz” MFY hududidan o‘tgan yuqori bosimli, 219 millimetr diametrli 25 metr uzunlikdagi eskirgan gaz quvuri demontaj qilinib, yangisiga almashtirildi, – deydi Gaz ta’minoti ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Jamolov.

Bundan tashqari, tumanda gaz ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida Oltinvodiy, Ziyoli, Nazarboy, Turon, Mustaqillik va Yangibozor mahallalarida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 1 ming 587 nafar iste’molchi uchun gaz ta’minoti tizimi 3 bosqichli tizimdan 2 bosqichli tizimga o‘tkazildi. 

Ushbu jarayonda 26 ta gaz taqsimlash punkti olib tashlanib, iste’molchilarga qulay va barqaror sharoit yaratildi.

A. Musayev, O‘zA.