“Hududgaz Qoraqalpog‘iston” gaz ta’minoti filiali tomonidan iste’molchilarga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida tabiiy gaz yetib borishi muammoli hududlar oldindan o‘rganib chiqildi. Ular manzilli dasturga kiritilib, belgilangan reja-jadval asosida gaz tarmoqlarini mavsumga tayyorlash choralari ko‘rildi.

Taxtako‘pir tumanida ham kuz-qish mavsumi arafasida gaz tarmoqlarida rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Tumandagi “Taxtako‘pir”, “Mustaqillik”, “Oydin yo‘l”, “Davr” “Otako‘l”, Ag‘itoy Adilov, “Mulk” ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlab turgan d-273 mm yer osti gaz tarmog‘ining eskirishi kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarar edi.

– Ushbu muammolarni bartaraf etish va aholiga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berishni yanada yaxshilash uchun 4,1 km gaz tarmog‘ida rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi, – deydi Taxtako‘pir tumani gaz ta’minoti bo‘limining boshlig‘i Alisher Andigenov. – Jumladan, yer osti gaz tarmog‘i yer ustiga chiqarilib, yangidan d-219 mm gaz tarmog‘i tortildi. Natijada ushbu hududlardagi iste’molchilarning gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri