Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida gaz tarmoqlarini 2025-2026 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari yakunlanib, iste’molchilarning tabiiy gazdan foydalanishiga yangi imkoniyatlar yaratildi.
“Hududgaz Qoraqalpog‘iston” gaz ta’minoti filiali tomonidan kuz-qish mavsumida tabiiy gazni barqaror yetkazib berish maqsadida oldindan rejalashtirilgan jadval bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Orolbo‘yining shahar va tumanlarida gaz tarmoqlarining 59,1 kilometrini rekonstruksiya qilish, 8, 5 kilometrini esa kapital ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida uddalandi. Shuningdek, 3 ming 568 ta gaz taqsimlash punktining 25 tasida kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Gaz tarmoqlarini havo bosimi ostida sinash va tozalash ishlari rejadan ortiq bajarilib, 899,2 kilometrlik yer osti gaz tarmog‘ining texnik holati maxsus uskunalar yordamida tekshirildi. 644,1 kilometr gaz tarmog‘iga qayta ishlov berildi. Ushbu amalga oshirilgan ishlar natijasida kuz-qish davrida 43 ming 760 ta xonadonning gaz ta’minoti yaxshilanib, xavfsiz foydalanishlariga zamin yaratildi.

Jumladan, Beruniy tumanida joriy yilda rejadagi 0,5 kilometr o‘rniga 1,6 kilometr gaz tarmog‘i rekonstruksiya qilinib, 2 ta gaz taqsimlash punktida kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, 45,6 kilometr yer usti gaz tarmog‘i havo bosimi yordamida sinovdan o‘tkazilib, 54,5 kilometr yer osti gaz tarmog‘ining texnik holati ko‘zdan kechirildi.
Hozirgi vaqtda soha mutaxassislari tomonidan tumandagi “Shabboz” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Tarboq” ovulida 2,9 kilometrlik o‘rta bosim gaz tarmog‘ini kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Tumanda tez orada gaz tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari yakunlanib, 896 ta xonadonning gaz ta’minoti yanada yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.
Bu boradagi ishlar Orolbo‘yining boshqa shahar va tumanlarida ham davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA