English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz ta’minotida xavfsizlik va qonuniylik – dolzarb masala
22:52 / 2026-01-14

Qish mavsumi ta’minotchi korxonalar oldiga o‘ta mas’uliyatli vazifalarni qo‘yadi. Asosiy maqsad aholini energiya resurslari bilan uzluksiz va sifatli ta’minlash. Biroq bu jarayon faqatgina ta’minotchi tashkilotlar sa’y-harakatlari bilan emas, balki iste’molchining ham qonun-qoidalarga amal qilishi orqali samarali kechadi.

Afsuski, o‘tkazilayotgan profilaktik va tezkor tadbirlarga qaramasdan, hali-hanuz tabiiy gazdan xavfsiz foydalanish talablarini qo‘pol ravishda buzib, yashirin yo‘llar orqali tarmoqqa ulanishga uringan qoidabuzarlar uchrab turibdi. Bu kabi holatlar nafaqat davlat mulkiga ziyon yetkazadi, balki inson hayoti va atrofdagilar xavfsizligi uchun ham jiddiy tahdid tug‘diradi.

Shu maqsadda “Hududgazta’minot” AJ boshqaruv raisining tegishli topshirig‘i asosida Qashqadaryo viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. “Hududgaz Qashqadaryo” GTF komplayens nazorat tuzilmalari hamda tuman gaz ta’minoti bo‘limlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan reydlar davomida bir qator qonunbuzarliklar aniqlandi.

Jumladan, Qarshi shahri Temiryo‘lchi mahallasida yashovchi fuqaro hisoblash uskunasidan oldin yashirin yo‘l bilan tarmoqqa ulanib, 42 million 22 ming so‘mlik gazni noqonuniy o‘zlashtirgan. Gulshan mahallasida esa loyiha va texnik hujjatlarsiz foydalangan iste’molchiga 97 million 193 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Komilon mahallasida rezina shlang orqali o‘g‘rincha ulangan fuqaroga 5 million 952 ming so‘mlik qayta hisob-kitob qilindi. Shu mahallada yana bir holatda yashirin ulanish orqali gazdan foydalangan shaxsga 9 million 513 ming so‘m jarima tayinlandi. Yana bir qoidabuzar esa 14 million 631 ming so‘mga tortildi. Qovun-qovundan rang oladi deganlaridek, mahalladoshining xatti-harakatini takrorlagan yana bir fuqaroning o‘zboshimchaligi 21 million 690 ming so‘mlik jarima bilan yakunlandi.

Xontepa mahallasida istiqomat qiluvchi qoidabuzar 14 million 997 ming so‘mlik gazdan xo‘jasizlarcha foydalangani uchun javobgarlikka tortildi. Qilichbek qo‘rg‘oncha mahallasida o‘tkazilgan xatlovda esa o‘zini va yaqinlarini xavfga qo‘yib gazdan foydalangan iste’molchiga 66 million 467 ming 400 so‘m jarima belgilandi.

Qarshi tumani Yorqin hayot ko‘chasida yashovchi fuqaro 10 million 667 ming so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan. Tumanning Beshkent yo‘li ko‘chasida qayd etilgan qoidabuzarlik 23 million 406 ming so‘mga baholandi. Koson tumanida istiqomat qiluvchi shaxs 7 million 220 ming 507 so‘mlik gazni o‘g‘rincha ishlatgan bo‘lsa, Quyibog‘ mahallasilik fuqaroning xatti-harakati 5 million 163 ming 862 so‘mlik jarimaga sabab bo‘ldi.

– Bunday holatlar faqat iqtisodiy zarar emas, eng avvalo inson hayoti uchun xavf manbai hisoblanadi, – deydi “Hududgaz Qashqadaryo” GTF axborot xizmati rahbari Otabek Mamanazarov. – Yashirin ulanishlar portlash, yong‘in kabi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Biz nazorat tadbirlarini kuchaytirgan holda, har bir fuqaroni qonunga rioya etishga, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chorlaymiz.

Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Shuni unutmaslik kerakki, qing‘ir ishning qiyig‘i baribir bir kun chiqadi. Noqonuniy harakatlar nafaqat moliyaviy jarima, balki og‘ir huquqiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Eng muhimi, bu o‘zingiz va yaqinlaringiz hayotini xavf ostiga qo‘yish demakdir.

Nazorat va kuchaytirilgan tezkor tadbirlar viloyat bo‘ylab izchil davom ettiriladi. Qonuniy va xavfsiz foydalanish esa har bir iste’molchining burchi ekanini unutmaslik lozim.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri