Ko‘plab hududlarda tabiiy gaz yetib bormagan aholi xonadonlari suyultirilgan maishiy gaz ballonlaridan keng foydalanib kelinmoqda.
Gaz ballonlari uzoq muddat davomida ishlatilganda, ularning tubida og‘ir qoldiq, deb ataluvchi moddalar yig‘ilib qoladi. Ular nafaqat gaz sarfini kamaytiradi, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan ham jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Og‘ir qoldiq gaz ballon ichida gaz bosimining pasayishi natijasida bug‘lanmay qolgan og‘ir uglevodorodlar aralashmasidir. Ushbu moddalar gaz holatiga o‘tmaydi va ballonning pastki qismida suyuq holatda to‘planib boradi. Vaqt o‘tgan sayin ularning miqdori oshib, ballonning haqiqiy foydali hajmini kamaytiradi.

“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan ayni shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilib, har bir maishiy gaz balloni to‘ldirilishidan oldin, albatta, sinovdan o‘tkaziladi. Xususan, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Eko area gaz” mas’uliyati cheklangan jamiyat “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati bilan shartnoma imzolab, joriy yilning iyul oyidan ish faoliyatini boshladi. Mazkur shoxobcha tomonidan kuniga uch mingta maishiy gaz ballonning og‘ir qoldiqlari to‘kilib, foydalanishga topshirilmoqda.

– Maishiy gaz ballonlarining og‘ir qoldiqdan tozalanishi nafaqat texnik xizmat, balki inson hayoti va mol-mulkini himoya qiluvchi muhim chora-tadbir hisoblanadi, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktorining suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha o‘rinbosari Xurshidbek Qayumov. – Mazkur jarayonni muntazam ravishda va mutaxassislar yordamida amalga oshirish orqali gazdan foydalanish samaradorligini oshirish, portlash yoki yong‘in xavfi kabi ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.