Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, mavjud infratuzilmani yangilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Sirdaryotumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Qurbonovning ta’kidlashicha, gaz ta’minotida xavfsizlik, samaradorlik va uzluksizlikni ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi. Bu esa faqat gaz yetkazib berish bilan cheklanmay, nazorat va profilaktik tadbirlarga ham jiddiy yondashishni talab etadi. Aholi o‘rtasida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida yuzlab xonadonlarda xavfli, nostandart uskunalar zamonaviy, gaz va energiya tejovchi qurilmalarga almashtirildi. Bu eng avvalo, fuqarolarning hayoti va mulki xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Tuman gaz ta’minoti tashkiloti xodimlari tomonidan gazdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 9 870 ta xonadonga maxsus eslatmalar tarqatilib, targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi. Tekshiruvlar davomida 1 420 ta nostandart gaz uskunasi aniqlanib, ularning 1 210 tasi zamonaviy qurilmalarga almashtirildi. Qolgan qurilmalar bo‘yicha texnik tavsiyalar berildi va hujjatlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo tumani markazida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Melivoy bobo To‘rayev ham tabiiy gaz tarmoqlarining yangilanishi va gaz taqsimlash qurilmalari ta’mirlanayotgani qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etishda muhim omil ekanini ta’kidladi.

– Tumanimizda gaz tarmoqlarini yangilash, eski uskunalarni almashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Melivoy bobo. – Ko‘chamizdagi gaz quvurlari ham tekshirildi, ta’mirga muhtoj joylari tiklandi. Qishdagi asosiy qiyinchilik sovuq kunlarda gaz bosimining tushib ketishi edi. Hozircha unday holat kuzatilmadi. Demak, amalga oshirilayotgan ishlar samara beryapti.
Gaz ta’minotining uzluksizligini ta’minlashda infratuzilma muhim o‘rin tutadi. Mavjud 125 ta gaz taqsimlash qurilmasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish belgilangan bo‘lib, shu kungacha ularning 62 tasi tekshiruvdan o‘tkazildi. Qolgan qurilmalar ham belgilangan grafik asosida ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek, ta’mirlashga muhtoj deb topilgan 3 ta qurilmaning 2 tasida mukammal ta’mirlash ishlari yakunlandi.

Yer osti quvurlari holati ham doimiy nazoratda. Maxsus asbob-uskunalar yordamida hozirgacha 11,4 kilometr masofadagi quvurlar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, 4,2 kilometr masofadagi gaz quvurlari bo‘yalib, ularning texnik va vizual holati yaxshilandi. Bu nafaqat estetik ko‘rinish, balki quvurlarning uzoq muddat xizmat qilishiga qaratilgan amaliy choradir.
Gaz ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida tumandagi Ziyokor, Bunyodkor, Ulug‘bek, Shirin va Paxtakor mahallalarida 8 ta yangi gaz taqsimlash qurilmasi o‘rnatildi. Bu orqali ushbu mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi barqaror va xavfsiz gaz ta’minoti bilan qamrab olindi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, kelgusi oylarda ushbu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, yangi hududlarni qamrab olish hamda xizmat sifatini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.

Sirdaryo tumani Bunyodkor mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Nazira buvi Namozova ham so‘nggi yillarda gaz ta’minotida kuzatilayotgan o‘zgarishlardan mamnunligini bildirdi.
– Ilgarilari har oy suyultirilgan gaz baloni keladimi-yo‘qmi, deb ovora bo‘lardik. Tabiiy gazga ulanmagan paytlarimizda, ayniqsa qishda, o‘t yoqish, ovqat tayyorlash oson ish emas edi. Lekin hozir shukrki, nafaqat tabiiy gaz bor, balki ballon gaz ham o‘z vaqtida kelib turadi. Hech qanday ovoragarchilik, navbat yoki kechiktirish yo‘q. Odamni ro‘zg‘orda eng ko‘p tinchlantiradigan narsa bu barqarorlik, – deydi Nazira buvi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, gaz ta’minotida amalga oshirilayotgan har bir islohot faqat statistik ko‘rsatkichlarda emas, balki aholi turmush darajasi, qulaylik va xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z aksini topmog‘i darkor. Chunki haqiqiy islohot inson hayotida sezilarli o‘zgarish yarata olgan islohotdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri