Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz ta’minotida tezkor xizmat aholi ishonchini mustahkamlamoqda
00:22 / 2025-12-07

Navoiy viloyatining Navbahor va Konimex tumanlarida ro‘y bergan ikki holat gaz ta’minoti tizimidagi tezkorlik va mas’uliyatning qanchalik ahamiyatli ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Navbahor tumani Qiziloy mahallasida yashovchi Ma’murjon Uzoqov gaz bosimi pastligi haqida “104” avariya-dispetcherlik xizmatiga murojaat qilganida, mutaxassislar chaqiruvni shu kunning o‘zida qabul qildi. Elektron gaz hisoblash uskunasi tekshirilib, filtr tozalangandan keyin xonadondagi bosim me’yorga keldi. Bu oddiy texnik xizmat ko‘rsatishning o‘zi ko‘pincha muammoni hal etishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Konimex tumani Qumrabot mahallasidan Aziz Ro‘ziyev tomonidan bildirilgan gaz sizib chiqish holati esa yanada jiddiy vaziyat bo‘lib, avariya brigadasining tez yetib borishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Gaz sizishi nafaqat bir xonadon, balki butun atrofdagi aholi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun mazkur holatning o‘z vaqtida bartaraf etilgani xizmatlar tomonidan xavfsizlikni ta’minlashdagi mas’uliyat va amaliy tayyorgarlikni namoyon etdi.

Bu kabi misollar aholi faolligi va gaz xizmatlarining javobgarligi o‘zaro bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Fuqarolar tomonidan vaqtida qilingan murojaatlar, mutaxassislarning e’tibori va tezkor harakati bilan birgalikda katta xavflarning oldini olish mumkin. Shu bilan birga uskunalarni muntazam profilaktikadan o‘tkazish, filtrlarni vaqti-vaqti bilan tekshirish, shubhali hid yoki nosozlikka darhol reaksiya qilish har bir xonadonning xavfsizligini ta’minlashda muhim omillar hisoblanadi.

Albatta, kuz-qish mavsumida gaz ta’minoti tizimining barqaror ishlashi nafaqat qulaylik, balki aholi xavfsizligi nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Bu davrda fuqarolar tomonidan gaz bilan bog‘liq murojaatlar, texnik nosozliklar va favqulodda holatlar soni ko‘payadi.

Shuning uchun gaz ta’minoti xizmatlari har bir chaqiruvni o‘z vaqtida qabul qilishi va joyiga borib muammoni bartaraf etishi aholi ishonchiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialida bu jarayon tizimli ravishda tashkil etilgani oxirgi kunlardagi murojaatlar misolida yana bir bor tasdiqlandi.

Fuqarolar gaz hidi sezilganda, uskunalarda nosozlik kuzatilganda yoki tasodifiy avariya holatlari yuzaga kelganda “104” qisqa raqamiga 24 soat davomida murojaat qilishi mumkin. Shu bilan birga, talab va takliflar, shikoyatlar yoki savollar bo‘yicha “1104” raqami orqali Call Center xizmat ko‘rsatadi. 

– Ayni paytda kunlik murojaatlar sezilarli darajada oshgan bo‘lib, odatda bir kunda 70-80 tagacha chaqiruv qayd etiladi, – deydi gaz ta’minoti filiali Markaziy dispetcherlik xizmati dispetcheri Manzura Xodjayeva. – Murojaatlarning asosiy qismini gaz sizib chiqishi, elektron hisoblagich uskunalaridagi nosozliklar va boshqa texnik muammolar tashkil etadi. Birgina noyabr oyida “1104” raqamiga ikki mingdan ortiq qo‘ng‘iroq bo‘lgani, “104” xizmatining esa 1350 ta murojaatni qabul qilgani bu sohadagi yuklama va mas’uliyat qamrovini yaqqol ko‘rsatadi. Dekabr oyining ilk ikki kunining o‘zida 135 ta chaqiruv qayd etilgani mavsumiy talab yanada ortganini anglatadi.

Aslida, gaz ta’minoti tizimida barqarorlikni ta’minlash bu faqat texnik muammolarni bartaraf etish emas. Chaqiruvning tez qabul qilinishi, xodimlarning iste’molchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda muammoning butun mohiyatini o‘rganishi, zarur ehtiyot choralarini ko‘rishi gaz xizmatlarining nufuzini oshirmoqda. Aholi esa bunday tizim ishlayotganini ko‘rib, o‘z vaqtida murojaat qilishga odatlanmoqda. 
Tizimning to‘g‘ri ishlashi, murojaatlarni qabul qilishdagi ochiqlik va tezkorlik esa aholi ishonchini mustahkamlamoqda. 

A.Bo‘riyev, O‘zA