FOTOREPORTAJ
Bugungi kunda barcha sohalarda bo‘lgani kabi gaz ta’minoti tizimida ham raqamlashtirish texnologiyalari keng qo‘llanilayotgani nafaqat soha xodimlari, balki iste’molchilar uchun ham qulaylik yaratayotir.
Jizzax viloyatida gaz ta’minoti vakillari tomonidan avtomatlashtirilgan mahalla iste’mol nazorat-hisob balansi joriy etildi. Dastlabki jarayonlar Shovot va Parkent tajribasi asosida viloyatning 13 ta shahar va tumanlaridagi bittadan namunali mahallada amalga oshirilmoqda.
Bu haqda “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali tomonidan jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi.
Press-tur davomida ishtirokchilar Jizzax shahrining Hamid Olimjon mahallasidagi avtomatlashtirilgan tizim faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu mahallada xonadonlarni ikki bosqichli tizimga o‘tkazish orqali eskirgan yuqori bosimli gaz punktlari zamonaviy qurilmalarga almashtirilmoqda. Jumladan, 0,7 kilometr yer osti gaz quvurlari yer ustiga chiqarildi, 6 ta filtr va zamonaviy zulfin hamda jo‘mraklar o‘rnatildi. Shuningdek, 197 ta eski gaz jihozi energiya tejamkor yondirgichlarga almashtirildi, 2,8 kilometrdan ortiq gaz quvuri estetik jihatdan tartibga keltirildi.
Tadbirda 2024 yilga nisbatan 91,1 ming metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishilgani alohida ta’kidlandi.
Mutaxassislar tomonidan mahalla gazchilari foydalanadigan zamonaviy planshetlar, ularning imkoniyatlari va qulayliklari, sohadagi raqamlashtirish ishlari, uning ahamiyati va istiqbollari haqida ham ma’lumot berildi.
[gallery-23017]
– Avtomatlashtirilgan mahalla iste’mol nazorat-hisob tizimining joriy qilinishi sohada gaz yo‘qotishlarining oldini oladi, ta’minotni yaxshilaydi va tejamkorlikni ta’minlaydi, - deydi “Hududgaz Jizzax” filiali bosh muhandisi Bahodir Xoliqov. – Bugungi tadbirda ishtirokchilar energiya tejamkor qurilmalar, isitish asboblari, reduktorlar, elektron gaz hisoblagichlar va tejamkor gorelkalar bilan tanishtirildi. Shuningdek, yangi qurilmalarning texnik xususiyatlari, samaradorligi tushuntirildi.
Jurnalistlar yangi gaz taqsimlash punkti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Ayni paytda viloyatda 132398 nafar iste’molchi suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. 2025 yilning birinchi choragida aholiga 5630,54 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. 2024 yilda qo‘shimcha 9948 dona, 2025 yilda esa 8800 dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunga qadar 3000 donasi aholiga yetib borgan.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Baxmal tumanidagi No‘shkent mahallasida ham bo‘lib, chekka hududlarda aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash ishlari bilan tanishdi. Tumandagi 30 ta mahallada 22311 nafar iste’molchi suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. 2025 yilning birinchi choragida ularga 906,74 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan.
“O‘smat GAZ” xususiy gaz to‘ldirish shoxobchasi bilan tuzilgan shartnoma asosida, hozirda oyiga o‘rtacha 100 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilayotir.
Matbuot anjumani yakunida iste’molchilarga gazni tejash va texnika xavfsizligi bo‘yicha maxsus yo‘riqnomalar ham taqdim etildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA