Jizzax viloyatida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash, xizmatlar sifatini oshirish hamda tizimda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida gaz ta’minoti barqarorligi mustahkamlanib, iste’molchilar uchun qulayliklar kengaymoqda.
Bugungi kunda “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali tomonidan 134 mingdan ortiq aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Gaz ballonlari bilan ta’minlanganlik darajasining 107 foizga yetgani tizimdagi ehtiyoj to‘liq qoplanayotganini ko‘rsatadi. Gaz to‘ldirish shoxobchalari va maxsus avtotransportlar orqali yetkazib berish ishlari uzluksiz yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, faqat 2025 yilning o‘zida aholi ehtiyojlari uchun qo‘shimcha 3 ming 742 dona maishiy gaz balloni yetkazib berildi.
Sohada sifat va xavfsizlik ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu maqsadda suyultirilgan gaz tarqatish jarayoniga zamonaviy “FACE ID” tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu tizim gaz ballonlarini aniq va shaffof tartibda tarqatish, bir fuqaro nomiga bir nechta ballonni noqonuniy olish holatlarining oldini olish, inson omili bilan bog‘liq xatolik va suiste’molliklarni kamaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning tezkorligi va adolatliligi ta’minlanadi.

Jizzax viloyatida gaz ta’minoti sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi davlat siyosati va rahbariyat topshiriqlari ijrosi doirasida ochiqlik, hisobdorlik va natijadorlik tamoyillari asosida olib borilayotgan islohotlarning aniq ifodasidir.
Infratuzilmani yangilash, xizmatlar sifatini oshirish va aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirishga qaratilgan bu sa’y-harakatlar kelgusida gaz ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbrlari