“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan press-tur tashkil etildi. Dastlab tadbir ishtirokchilari hududlarni gazlashtirish jarayonlari bilan tanishtirildi.
Prezidentimizning 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga asosan viloyatning Karmana tumani “Do‘stlik” MFY hamda Qiziltepa tumanining “Malikobod” MFY hududlarida yangi O‘zbekiston massivlari bunyod etilgan. Ushbu massivlarni gazlashtirish uchun “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialining loyiha bo‘limi tomonidan gazlashtirish loyihasi ishlab chiqildi. Loyihaga asosan Karmana tumani “Do‘stlik” MFY hududida tashkil etiladigan “Yangi O‘zbekiston” massiviga diametri 159 mm.li hamda Qiziltepa tumanini “Malikobod” MFY hududida tashkil etiladigan massivga diametri 114 mm.li gaz tarmoqlari tortilgan. Bundan tashqari, tashkil etilishi belgilangan to‘rtta kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarining loyiha-smeta hujjatlariga asosan tashqi tabiiy gaz tarmoqlarini qurish ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, G‘ozg‘on shahar “Marmarobod” MFY hududida tashkil etilgan kichik sanoat zonasini gazlashtirish uchun diametri 114 mm.li 6,7 kilometr tashqi gaz tarmoqlari to‘liq olib kelingan bo‘lib, shundan 5,1 kilometr gaz tarmoqlari montaj qilindi. Qolgan kichik sanoat zonalari, shuningdek, Navoiy shahar Mahmud Tarobiy ko‘chasidagi 16 qavatli uy-joylarni gazlashtirish uchun diametri 114 mm.li, 4,4 kilometr tashqi gaz tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari aholi xonadonlarida energiya tejamkor gaz uskunalarini o‘rnatish yuzasidan amalga oshirilayotgan targ‘ibot ishlari bilan tanishish maqsadida mahallalarda bo‘ldi. Ma’lumki, respublikamizning barcha hududlarida tabiiy gazdan oqilona foydalanish va ortiqcha sarfni kamaytirish maqsadida aholi xonadonlarining qozonxonalaridagi (ma’nan eskirgan, qo‘lbola) yondirgichlar (gorelkalar) zamonaviy issiqlikni avtomatik ravishda boshqaruvchi hamda xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan gaz yondirgichlarga almashtirilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda gaz jihozlari soni 229 ming 724 tani tashkil etadi. Eski gaz gorelkalardan foydalanilganda oylik gaz sarfi 650 kub metrni tashkil etsa, yangi avtomatlashtirilgan energo tejamkor gaz yondirgichlarda bu ko‘rsatkich 340 metr kubni tashkil etadi. Bu esa aholiga har oyda 310 metr kub gazni tejash imkonini beradi.
"Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali tomonidan 2023 yil davomida 15 ming 260 dona nostandart gaz jihozlarini energo tejamkor gaz jihozlarga almashtirish rejalashtirilgan. Bu 3 million 662 ming 400 metr kub gaz tejaladi, deganidir. 2023 yilning o‘tgan davrida filialning Servis xizmatlarini rivojlantirish bo‘limi xodimlari tomonidan 36 ming 463 aholi xonadonlariga texnik xizmat va 22 ming 858 aholi xonadonlariga esa profilaktik xizmat ko‘rsatildi. Gaz tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida gaz taqsimlash punktlarini ta’mirlash, gaz quvurlarini bosim ostida sinash va tozalash kabi tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shu kunga qadar viloyat bo‘yicha 5 dona gaz taqsimlash punkti kapital ta’mirlandi, 74,2 kilometr gaz quvurlari bosim ostida zichlikka sinalib, havo bosimi yordamida tozalandi. 124,7 kilometr gaz quvurlari esa estetik jihatdan tartibga keltirilib, bo‘yoqlash ishlari bajarildi. Viloyatdagi mavjud 2336 dona gaz taqsimlash punktlarining 1803 tasi texnik taftishdan o‘tkazildi va 1803 tasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari 177,2 kilometr gaz quvurlari maxsus pribor usulida tekshirildi.
[gallery-12938]
Tadbir yakunida jurnalist va OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda filial rahbari o‘rinbosari – bosh muhandis Bahriddin Xudoyorov viloyatda kuz-qish mavsumiga ko‘rilayotgan hozirlik ishlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA