French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz ta’minoti sohasidagi yangiliklarga oid matbuot anjumani
08:30 / 2023-05-27

FOTOREPORTAJ

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori gaz ta’minoti tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar sohadagi muammolarning oldini olish, sifat samaradorligini oshirishda dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, tizimga raqamli iqtisodiyotning kirib kelishi inson omilini qisqartirish orqali shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar ushbu jarayonlar samarasi bilan yaqindan tanishdi.  

Ta’kidlash joiz, tizim vakillarining asosiy maqsadi aholi va ulgurji iste’molchilarga gazni xavfsiz hamda o‘z vaqtida yetkazib berish va uni iqtisod qilishdan iboratdir. Jarayonda filialning shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlari tomonidan viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib, gaz iste’molida energiya tejamkor uskunalardan foydalanish bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bugungi kunda “HGT Servise”  dasturiy ta’minot – gaz uskunalarining holati to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni masofadan yig‘ish hamda har bir abonent bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona foydalanishni nazorat qilish texnologiyasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu dastur gaz uskunalarini kundalik hayotda ishlatishda iste’molchilar xavfsizligini ta’minlashga, gaz ta’minoti tizimi xodimlari tomonidan gaz jihozlariga texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha majburiy xizmatlar sifatini baholash va o‘zaro hisob-kitoblarni naqd pulsiz amalga oshirishga qaratilgan. OAV vakillari ushbu dasturlar bilan yaqindan tanishtirib o‘tildi.

[gallery-12086]

Iste’molchilarga qulaylik yaratish uchun ishga tushirilayotgan yangi dasturiy ta’minot abonentning shaxsiy ma’lumotlari, xonadon geolokatsiyasi va telefon raqami kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, dasturga iste’molchida maishiy gaz uskunalarining mavjudligi va ularning texnik holati to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilgan. Dasturning yana bir xususiyati shundaki, u xizmat sifatini baholash yoki shaxsiy kabinet orqali iste’molchining shikoyatini uzatish imkoniyatiga ega.  

“HGT Servise”  dasturi gaz yetkazib beruvchi va iste’molchi o‘rtasida gaz uskunalariga profilaktik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solish va ularni naqd pulsiz amalga oshirishga imkon beradi. Ko‘rsatilgan servis xizmatlar uchun to‘lov (invoys) SMS orqali onlayn rejimida taqdim etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

– Ba’zi iste’molchilar gaz jihozlarida nosozlik kuzatilganida, gaz ta’minoti xodimlari vaqtida xizmat ko‘rsatmaganidan norozi bo‘lib, murojaat etadi, - deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali servis xizmatini rivojlantirish bo‘limi mas’ul xodimi Sh. Tohirov. – Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 2-ilovasida “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari” belgilab qo‘yilgan. Unda gazdan foydalanish uskunalarini iste’molchilarning yozma yoki elektron buyurtmalari asosida gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlangan tariflar bo‘yicha ta’mirlash muddatlari bayon qilingan bo‘lib, xizmat ko‘rsatish muddati holatning xavflilik darajasiga qarab belgilanadi.

Matbuot anjumanida soha mutaxassislari OAV vakillarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob qaytardi.   

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA