Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz ta’minoti korxonasi yana 4 milliard 741 million so‘m zarar ko‘rdi
13:24 / 2025-12-18

Davlat mulkiga xiyonat mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy barqarorligi uchun jiddiy tahdid sanaladi. Bu kabi qoidabuzarliklar nafaqat moliyaviy yo‘qotishlarga olib keladi, balki aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini pasaytiradi va ijtimoiy adolat tamoyillariga xalaqit beradi.

Shu bois, tabiiy resurslardan qonuniy va samarali foydalanish, ularni muhofaza qilish va har bir fuqaroning manfaatini himoya qilish davlat va jamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu talablarga qaramay, ayrim “tadbirkor” fuqarolarimiz elektr va gazdan foydalanishda qing‘ir yo‘llardan foydalanishni o‘zlariga ep ko‘rib, noqonuniy harakatlarni sodir etyapti.

Yaqinda “O‘zenergoinspeksiya”ning Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi va gaz ta’minoti korxonasi hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida shunday fuqarolarning o‘g‘rincha ishlari fosh etildi.

Unga ko‘ra, Payariq tumanida “S.O.S.S” xususiy korxonasiga qarashli ko‘p qavatli turar-joy binosi hisoblagichsiz, o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi.

Dastlabki hisoblar bo‘yicha mazkur holat tizimga 4 milliard 741 million so‘mlik zarar yetkazgan.  

Inspeksiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hozir ushbu noqonuniy harakat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA