English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz ta’minoti korrupsiyadan xoli bo‘ladi
17:02 / 2023-12-07

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Filial ishchi-xodimlari, huquq-tartibot organlari xodimlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda dunyoda taraqqiyot kushandasiga aylangan korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga mamlakatimizda qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritildi. 

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tarkibida 14 ta tuman va Termiz shahar gaz ta’minoti bo‘limi mavjud. Sohada 1 ming 89 nafar ishchi-xodim xizmat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida xodimlar ongida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, moddiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash uchun 300 ga yaqin xodim bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbat o‘tkazildi. Mamlakatimizda bu illatga qarshi izchil kurash olib borilayotgani va shu maqsadda qabul qilingan qonun hamda boshqa huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilmoqda.

“Biz korrupsiyaga qarshimiz”, “Korrupsiyaga qarshi kurash hammamizning burchimiz” mavzularida o‘tkazilayotgan tadbirlarda ham tarmoqda qabul qilingan tartib, jamoat shartnomasi va lavozim yo‘riqnomasiga qat’iy rioya etish, iste’molchilar bilan xushmuomalada bo‘lish kabi masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashilmoqda. Xususan, viloyatda tarmoqni korrupsiyasiz sohaga aylantirish uchun joylarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, aniqlanayotgan holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, yilning o‘tgan davrida 14 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, besh nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. 10 nafariga intizomiy chora qo‘llanildi. Shu davrda rejadan tashqari va to‘satdan 60 ta monitoring tekshiruvi o‘tkazilib, uch nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 12 nafariga intizomiy chora ko‘rildi.  

Tadbirda korrupsion holatlarga olib keluvchi omillarni erta aniqlab, oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar samarasi va shu maqsadda joriy etilgan yangi mexanizmlar haqida atroflicha fikr almashildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri