Gaz ta’minoti infratuzilmasi yangilandi
Guliston shahrining Do‘stlik mahallasida joylashgan Xondamir ko‘chasidagi yuqori bosimli gaz taqsimlash qurilmasi zamonaviy RDUK-200 rusumidagi yangi qurilma bilan almashtirildi. Eski qurilma uzoq yillar davomida foydalanilgani sababli ma’nan va texnik jihatdan eskirgan edi.
– Yangi qurilma gaz ta’minoti barqarorligini sezilarli darajada oshiradi, iste’molchilarga uzluksiz va xavfsiz xizmat ko‘rsatish imkonini beradi, – dedi “Gulistonshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limining boshlig‘i Vahobjon Turdimuratov. – Shuningdek, zamonaviy qurilma avariyaviy holatlarni minimallashtirishda ham muhim ahamiyatga ega.


Modernizatsiya ishlari gaz tizimining bosim ko‘rsatkichlarini me’yoriy holatda saqlash va gaz sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Hozirda mutaxassislar eski uskunani demontaj qilish, yangi qurilmani o‘rnatish va sozlash ishlarini jadallik bilan amalga oshirmoqda.
Bu yangilanishlar Do‘stlik mahallasi aholisi uchun gaz ta’minoti barqarorligini sezilarli darajada oshirishi kutilyapti.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri