Gaz ta’minoti — infratuzilma masalasigina emas, balki aholi xavfsizligi, energiya tejamkorligi hamda davlat boshqaruvi samaradorligini namoyon etuvchi muhim ko‘rsatkichdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sohada qat’iy tartib, raqamli nazorat va shaxsiy javobgarlikni oshirish bo‘yicha qo‘yilgan talablar Guliston tumanida bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
Tuman hududida jami 20 ming 784 ta iste’molchi mavjud bo‘lib, ularning 9 ming 315 tasi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Belgilangan rejalar asosida amalga oshirilgan texnik tadbirlar natijasida tumandagi 17 ta mahallada joylashgan 9 ming 315 ta aholi xonadonlarining gaz ta’minoti yaxshilandi. Bu esa, ayniqsa, qishki mavsumda gaz bosimi pasayishi va uzilishlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2 kilometr yer osti gaz tarmoqlari hamda 6 ta gaz taqsimlash punktlari rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 15,2 kilometr gaz tarmoqlari bosim ostida tozalandi, 9,4 kilometr yer osti gaz quvurlari maxsus asboblar yordamida tekshirildi.

– Gaz tarmoqlaridagi har bir nuqsonni oddiy texnik muammo sifatida qabul qilish noto‘g‘ri. Chunki bu inson hayotiga tahdid, tizimdagi mas’uliyatsizlikning oqibatidir. Shu sababli biz uchun “mayda kamchilik” degan tushuncha yo‘q, – deydi «Gulistontumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Eshonqulov. – Agar bir tumanda o‘nlab, hatto yuzlab gaz sizib chiqish holatlari aniqlansa, demak, bu tizim uzoq yillar yetarli darajada nazorat qilinmagan. Biz muammoni yashirish emas, uni ochiq tan olish va bartaraf etish tarafdorimiz.
Shu bois o‘tgan 2025 yilda «Gulistontumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan 348,8 kilometr gaz quvurlari va 91 ta gaz taqsimlash punktlarida sozlash ishlari olib borildi. Shu bilan birga, 82 ta yangi zulfin va 6 ta filtr o‘rnatildi, 21,8 kilometr gaz quvurlari hamda 8 ta gaz taqsimlash punktlari ta’mirdan chiqarildi. Olib borilgan ishlar natijasida 135 ta gaz sizib chiqish holati aniqlanib, joyida bartaraf etildi.

Bundan tashqari, o‘tgan yilning yanvar–iyul oylari davomida tumanda 1600 ta hovlili va ko‘p qavatli uylar ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimiga o‘tkazildi, 44 ta gaz tarmoqlari qurilmalari demontaj qilindi. Natijada texnologik yo‘qotishlar hajmi 112 ming kub metrga qisqartirildi. Shuningdek, tuman hududi ikki yirik sektorga ajratilib, gaz ta’minotini onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizim ishga tushirildi.

E’tiborli jihati shundaki, Prezident talablarida belgilanganidek, gaz ta’minoti sohasida raqamli nazoratni joriy etish va inson omilini qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu maqsadda Guliston tumanida gaz taqsimoti jarayoni to‘liq raqamlashtirilib, real vaqt rejimida kuzatib borilmoqda.
– Qachon gaz taqsimoti “ko‘z bilan” emas, monitor orqali nazorat qilinsa, o‘shanda suiiste’molga ham, bee’tiborlikka ham o‘rin qolmaydi. Raqamlashtirish — bu avvalo rahbar va mutaxassis uchun doimiy hisobdorlik demakdir, – deydi Baxtiyor Eshonqulov.

Suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda tuman bo‘yicha 11 ming 469 ta iste’molchi suyultirilgan gazdan foydalanadi. Ularning 11 ming 456 tasi aholi, 13 tasi esa maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. 2025 yil uchun belgilangan 2120 tonna suyultirilgan gaz rejasi to‘liq bajarilib, aholiga belgilangan hajmda yetkazib berildi.
Suyultirilgan gaz Sayxunobod gaz to‘ldirish shoxobchasidan belgilangan fond asosida maishiy gaz ballonlariga to‘ldirilib, maxsus ISUZU rusumli avtomashinalar orqali aholiga uyma-uy yetkazib berilmoqda. Bu jarayon iste’molchilarga berilgan ID kartalar orqali nazorat qilinadi. Hozirda gaz ballonlarini tashish uchun har biri 110 ta ballon yuklash imkoniyatiga ega bo‘lgan 3 ta maxsus avtoulov xizmat qilmoqda.
– Suyultirilgan gaz ta’minotida shaffoflik va xavfsizlikni ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi, – deydi Baxtiyor Eshonqulov. – Barcha maishiy gaz ballonlariga shtrix-kodli stikerlar o‘rnatildi, iste’molchilar ID kartalar bilan ta’minlandi. Bu orqali har bir gaz ballonining harakati va iste’mol hajmi onlayn nazorat qilinadi. Bu esa ham tartib va xavfsizlikni ta’minlaydi.
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash masalasi ham doimiy e’tibor markazida. 2025 yil davomida bo‘limga jami 106 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 84 tasi ijobiy hal etilgan, qolgan murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan. Shuningdek, yil davomida 24 ta sayyor qabul o‘tkazilib, 110 nafar iste’molchi bilan bevosita uchrashuvlar tashkil etildi.
Xulosa qilib aytganda, amalga oshirilayotgan ishlar Guliston tumanida gaz ta’minoti infratuzilmasini yanada mustahkamlash, aholining hayot sifatini oshirish hamda energiya resurslaridan xavfsiz va samarali foydalanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Ammo raqamlar ortida mas’uliyat, hisobdorlik va inson xavfsizligi doimo birinchi o‘rinda turmasa, har qanday infratuzilma o‘z ahamiyatini yo‘qotishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri