Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz ta’minoti tizimini takomillashtirishga bag‘ishlandi
19:40 / 2015-10-07

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlashning bugungi holati, sohaga oid huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga doir axborot tinglandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlashning bugungi holati, sohaga oid huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga doir axborot tinglandi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Gaz tarmog‘i mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi va ijtimoiy hayotning barcha sohalariga bevosita ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Prezidentimizning 2006-yil 8-avgustdagi “O‘ztransgaz” aksionerlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, gaz taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish, tabiiy gazni iste’molchilarga yetkazib berish va sotish, shuningdek, tabiiy gazdan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish va “zangori olov” uchun to‘lovlar intizomini mustahkamlash ishlari “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi zimmasiga yuklatilgan.

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda tabiiy gaz 13,7 ming kilometrlik magistral quvurlar orqali yetkazib berilayotir. 25 kompressor stansiyasi, 341 gaz taqsimlash stansiyasi va 2 yer osti gaz ombori yilning istalgan davrida “zangori olov”ni barqaror yetkazib berishni ta’minlamoqda.

Tadbirda mamlakatimizda bir iste’molchiga yiliga o‘rtacha 3 ming kub metrdan ortiq tabiiy gaz to‘g‘ri kelishi qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, “zangori olov”dan foydalanganlik uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilishni talab etadi. Gaz ta’minoti sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilayotgani samarasida ushbu jarayon yanada ochiq, oshkora va tezkor amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, yuqori texnologiyalarning amaliyotga tatbiq etilayotgani tabiiy gaz iste’molchilari qarzining ko‘payishini sezilarli ravishda kamaytirish imkonini berayotir.

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi iste’molchilarga yuqori darajada qulaylik yaratish maqsadida o‘z veb-resurslari orqali interfaol xizmatlar ko‘rsatish ishlarini takomillashtirmoqda. Ayni paytda www.uztg.uz veb-portalida “shaxsiy kabinet” xizmati ishlab chiqilgan bo‘lib, bu yerda tabiiy gaz uchun to‘lovlar holatiga doir batafsil hisobot keltirilgan. www.mbank.uz va www.smstulov.uz saytlarida gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha interfaol xizmat ishga tushirildi. Aholi va ulgurji xaridorlar uchun to‘lovlar rejimini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Kompaniyaning http://uztransgaz.uz veb-saytida tabiiy gaz tariflariga oid ma’lumotlar yangilanib, gazdan foydalanish bo‘yicha yangi hujjatlar joylashtirib borilmoqda, aksiyadorlar navbatdagi umumiy majlislar sanasi va kun tartibi hamda so‘nggi qarorlar haqida o‘z vaqtida xabardor qilinmoqda. Tijorat banklari bilan hamkorlikda tabiiy gaz uchun to‘lovlarni elektron plastik kartochkalar orqali qabul qilish punktlari tarmog‘i kengaytirilmoqda.

Yig‘ilishda ijobiy rivojlanish ko‘rsatkichlari bilan bir qatorda, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish, gaz taqsimlash tizimlari ustidan kunlik tezkor nazorat o‘rnatish, gaz ta’minoti tizimi xodimlari malakasini oshirish bilan bog‘liq hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar ta’kidlandi. Ishtirokchilar mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.