Bugungi kunda gaz sohasidagi korxonalar faoliyatini takomillashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash muhim masalalardan biriga aylanmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirokida o‘tkazilgan galdagi yig‘ilishda shu haqda so‘z bordi. Unda Muborak gazni qayta ishlash zavodi hamda “Uz-Gas Projects” MCHJning joriy holatiga e’tibor qaratildi.
Xususan, Muborak gazni qayta ishlash zavodida qurilishi yakunlanmagan ob’ektlar bo‘yicha yer va mulk hisobi to‘g‘ri yuritilmagani sababli asossiz soliq to‘lovlari amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa ichki nazorat mexanizmlari yetarli darajada ishlamayotganini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan mulklarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish, hisob-kitoblarni qat’iy tartibga solish va mas’ul shaxslarning javobgarligini aniq belgilash vazifalari yuklatildi.
Ekologik xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar ham tanqid qilindi. Zavodning ayrim ishlab chiqarish maydonlarida avtomatik gazoanalizatorlar o‘rnatilmagani, tashlanmalar ustidan muntazam nazorat olib borilmayotgani jiddiy xavf sifatida baholandi. Kelgusi yilda xavfsizlik hamda atrof-muhitni muhofaza qilish talablarini to‘liq ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
“Uz-Gas Projects” MCHJ faoliyatiga oid taqdimotda esa asosiy muammolar ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq ekani qayd etildi. Tabiiy gaz va kondensat qazib chiqarish hajmlari rejalashtirilgan prognozdan ortda qolgan, mavjud quvvatlardan foydalanish darajasi pastligicha qolmoqda. Shuningdek, qazib olinayotgan mahsulot tannarxining yuqoriligi korxona moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda bildirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qazib chiqarish xarajatlari realizatsiya narxidan yuqori bo‘lib qolayotgani sababli operatsion faoliyatda zarar kuzatilgan. Bu holat aylanma mablag‘lar tanqisligini keltirib chiqargan va korxona barqaror ishlashiga to‘sqinlik qilmoqda.
Abdug‘ani Sanginov korxonalar tashkil etilganida asosiy maqsad investitsiya jalb qilish orqali yuqori tannarxli konlarda qazib chiqarish hajmlarini oshirish bo‘lganini ta’kidladi. Biroq o‘tgan yillar davomida bu yo‘nalishda aniq va samarali investitsiya loyihalari amalga oshirilmagani, aksincha, xarajatlar o‘sishi samaradorlikni pasaytirgani tanqid qilindi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, tadbir yakunida belgilangan rejalarni so‘zsiz bajarish uchun jamiyat rahbariyatining shaxsiy javobgarligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga, qazib chiqarishni oshirish maqsadida qurilayotgan kichik kompressor stansiyalarini o‘z vaqtida ishga tushirish, geologik jihatdan murakkab zaxiralarni o‘zlashtirish bo‘yicha investorlar bilan hamkorlik masalalarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA