Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 420,3 km uzunlikdagi gaz quvurlari mavjud bo‘lib, shundan hozircha 4, 3 kilometrdagi quvurlar to‘la ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, rejadan tashqari 13,5 km yer usti quvurlarida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ tuman bo‘limi tomonidan aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda “Hududgazta’minot” AJ tuman bo‘limi rahbari Hakimbek Ko‘chimov 2025 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur davrda tumanga 20 131,4 ming kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan bo‘lib, shundan 19 118,7 ming kub metri aholi ehtiyojlariga yo‘naltirilgan. Bu esa belgilangan yillik ehtiyojning yarmidan ortiq qismini tashkil etadi.

– Tumanda jami 11 227 ta iste’molchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, shularning 11 110 tasi aholi, 117 tasi yirik ulgurji iste’molchilar hisoblanadi. Gaz ta’minotining uzluksizligini ta’minlash maqsadida mavjud infratuzilma muntazam ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, ta’mirlash va modernizatsiya ishlari belgilangan rejalar asosida olib borilmoqda, – dedi Hakimbek Ko‘chimov.
Anjumanda gaz hisoblagichlar bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi. Aholidagi 1 650 ta muammoli hisoblagichning 976 tasiga “Super Capacitor” turidagi zamonaviy batareyalar o‘rnatilib, aloqa tiklangani, shuningdek, yana 134 dona batareya zaxirada mavjud ekani ma’lum qilindi.

Muloqot davomida aholi murojaatlariga oid ma’lumotlar ham e’lon qilindi. Joriy yilning ikkinchi choragida tuman gaz ta’minoti bo‘limiga 16 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 taga yoki 37,5 foizga kamaygani qayd etildi.
Tadbir yakunida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri