Navoiy viloyatining Karmana tumanida 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida belgilangan chora-tadbirlar dasturiga asosan ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy mavsumda tumanda 4 kilometr uzunlikdagi gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. Ayni paytda Mir Said Bahrom mahallasida 3,3 kilometr uzunlikdagi d-89 millimetrli yer osti gaz quvuri va Azamat mahallasida 0,7 kilometr uzunlikdagi d-102 millimetrli yer osti gaz quvuri tarmoqdan ajratilib, yer ustida yangi gaz quvurlari tortildi.

– Bu hududlardagi yer osti gaz quvurlari ancha eskirgani bois rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda, – deydi “Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Samad Rasulov. – Shuningdek, aholi xonadonlari gaz ta’minoti tizimi uch bosqichlidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazilyapti. Olib borilayotgan bu kabi ishlar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, iste’molchilarga tabiiy gazning bir maromda va uzluksiz yetib borishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, “O‘zbekiston”, “Yangi Obod” va “Arg‘un” mahalla fuqarolar yig‘inlarida jami 17,5 kilometr gaz quvurlari joriy ta’mirlandi. Shuningdek, “Paxtaobod-Jaloir” yo‘nalishidagi d-159 mm bo‘lgan yuqori bosimli, “Beshkent” hududidagi yer osti gaz quvurlari o‘rniga yer usti gaz quvurlari tortildi.

– Mahallamizda olib borilayotgan ishlardan xursandmiz, – deydi fuqaro D.Ibodova. – Yer osti o‘rniga yer usti gaz quvurlari tortilyapti. Bu kuz-qish mavsumida tabiiy gaz ta’minotimiz yana-da yaxshi bo‘lishiga xizmat qiladi.
Yaqin kunlarda kuz-qish mavsumiga oid rekonstruksiya ishlarini yakuniga yetkazish maqsadida gazchilar tomonidan belgilangan reja-jadvalga asosan ish olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA