Jizzax shahridagi ohak ishlab chiqarish sexi mas’ullari 4 milliard 600 million so‘mdan ortiq qimmatbaho tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi.
Bu holat nafaqat davlatga katta iqtisodiy zarar yetkazdi, balki davlat resurslarini muhofaza qilish borasidagi tizimda ham hanuz yechimini kutayotgan muammolar borligini yana bir bor namoyon etdi.
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabariga ko‘ra, ushbu holat inspeksiyaning Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va gaz ta’minoti korxonasi hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida fosh etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro – Darqaboy Marqaboyev (ismi-familiyasi o‘zgartirilgan) gaz ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, hisoblagichgacha bo‘lgan quvurga rezina shlang orqali noqonuniy ulanib, uyidagi ohak ishlab chiqarish sexini gaz bilan ta’minlab kelgan. Bu jinoyati orqali u gaz ta’minoti korxonasiga 4 milliard 691 million so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Albatta, bu yerda jinoyatni amalga oshirgan shaxsning aybi ulkan. Shuncha katta mablag‘ evaziga noqonuniy foydalanish – hazilakam jinoyat emas. Bu kabi harakatlar huquqiy baho berilishi shart bo‘lgan jiddiy qonunbuzarlik hisoblanadi.
Biroq shu bilan birga, “Bu qadar yirik noqonuniy foydalanish qanday qilib vaqtida aniqlanmay qoldi?” degan savol ham o‘rinli. Davlat resurslarini muhofaza qilish, noqonuniy iste’molga yo‘l qo‘ymaslikda nazorat organlarining samaradorligi qay darajada degan masala e’tibor talab qiladi. Nazorat tizimining kuchsiz bo‘lishi – bunday holatlar takrorlanish xavfini yanada oshiradi.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda va qonunni buzgan jinoyatchi – qonun odida javob berishi shubhasiz. Biroq vaqtida tizimni nazorat qilmagan mas’ullarga qanday chora ko‘riladi?!.
Jizzaxdagi ushbu voqea – noqonuniy gaz iste’molining oqibatlari, davlat resurslarini boshqarishdagi tizimli muammolar va nazorat tizimidagi bo‘shliqlar haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda. Eng muhimi, bunday holatlar barham topishi uchun qat’iy choralar kechiktirilmasligi shart va lozim.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri