Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz o‘g‘rilari qo‘lga tushdi
15:02 / 2026-01-20

Buxoro viloyatida gaz ta’minoti filiali hamda shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlari xodimlari tomonidan joylarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

Xususan, Buxoro shahridagi “Otbozor” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro S.J. xonadonida gaz hisoblagichdan tashqari yashirin yo‘l bilan gaz quvuriga ulangani aniqlandi. Natijada 50 million 166 ming so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Shuningdek, Kogon tumanining Geofizika mahallasi Quruvchilar ko‘chasida yashovchi fuqaro X.A. o‘z xonadonida elektron gaz hisoblash uskunasi o‘rnatmasdan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan. Aniqlangan holat bo‘yicha 226 million 820 ming so‘m miqdorida zarar hisob-kitob qilingan. Vobkent tumanining Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro O‘.Q. esa gaz hisoblash uskunasini chetlab o‘tib, rezina shlang orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan va 39 million 679 ming so‘m zarar yetkazgan.

Shuningdek, Buxoro shahrida o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbiri davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq yirik qoidabuzarlik fosh etildi.

“O‘zenergoinspeksiya”ning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi hamda gaz ta’minoti korxonasi hamkorligida olib borilgan tekshiruvlar chog‘ida fuqaro B.B.ga tegishli binoda gaz tarmog‘iga yashirincha ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelingani ma’lum bo‘ldi.

Gaz ta’minoti korxonasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur qoidabuzarlik natijasida 914,5 million so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.

Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Hududlarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.