Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Ko‘kbuloq, O‘rtadara, Bog‘obod, Chuqur, Qizilqishloq, Chakchak, Dovud va Katta o‘ra qishloqlari tog‘li hududda joylashgan. Ushbu qishloqlar aholisi asosan chorvachilik va bog‘dorchilik bilan tirikchilik qilishadi.
Tog‘ tabiati go‘zal. Musaffo havo, muzday buloq suvlari kishini o‘ziga rom etadi. Kutilmagan anomal sovuqdan keyin balqigan quyosh bu yerlarga ham bahor nafasini olib kirgan, mag‘rur tog‘lar yashil tusga kira boshlagan. Qo‘y-qo‘zilar allaqachon dalaga chiqarib yuborilgan. Sho‘x uloqchalar toshdan-toshga sakraydi...
Ta’kidlash lozimki, Davlat rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi viloyatdan tanlab olingan hudud sifatida Qamashi tumanida joriy yilning 30 yanvar – 6 fevral kunlari aholi muammolarini mahallalar kesimida uyma-uy, “xonadonbay” asosida o‘rgandi. Fuqarolarni qiynab kelayotgan va uzoq yillardan buyon yechimini kutayotgan muammolariga yechim izlandi.
[gallery-10489]
Fotomuxbir bilan biz ham ishchi guruh o‘rganishlaridan keyingi tog‘li hudud odamlarining turmush tarzi, kayfiyati bilan qiziqdik. Shu maqsadda tumandagi “Katta o‘ra” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Yoltosh qishlog‘iga bordik. Tuman markazidan 75 kilometr uzoqlikda joylashgan qishloq aholisining ham asosiy daromadi chorvadan.
Biz borgan kuni tumangaz tashkiloti vakillari qishloqqa suyultirilgan gaz ballonlari tarqatayotgan ekan. To‘g‘rida, olis tog‘li hudud aholisining birgina suyultirilgan gaz ballonlari bilan uzluksiz ta’minlanishi, ularning turmush tarzini qanchalik o‘zgarishiga xizmat qilmoqda. Nega, deysizmi? Boisi qish-qirovli kunlarda tog‘ sharoitida bir choynak choy qaynatish uchun ham o‘choqqa o‘tin qalash, tutunga botib uni qaynatish kerak. O‘tin quruq bo‘lsaku xo‘p-xo‘p, agar nam bo‘lsa, tashvish ikki karra ortadi.
91 yoshni qarshi olgan Nazar bobo Mengliqulovning umri ham mana shu tog‘u toshlar orasida o‘tgan. Bugun keksalik gashtini surayotgan otaxon o‘tgan yillarni shunday eslaydi.
– Uzoq yillar o‘rmon xo‘jaligida ishladim, – deydi Nazar bobo. – Yashash sharoitimiz juda og‘ir edi. Ayniqsa, qish kunlari qiynalardik. Oddiy osh-ovqat qilish uchun tog‘dagi archalarni kesib kelardik. Mana bir necha yildan buyon hukumatimizga ming rahmat gaz ballon vaqtida kelyapti. Elektr bor. Yo‘llarimiz obod bo‘lyapti. Tuman markaziga ham qiynalmay borib kelyapmiz. Bundan ortiq nima kerak odamga. O‘rmonchi bo‘lganim uchun bir narsaga juda quvonaman. Gaz kelgach archalarni qirqish to‘xtadi sizga aytsam. Endi uyga mehmon kelsa, hech og‘rinmay choy qaynat deb aytib yuboraveramizda.
Ha, samimiy tog‘ odamlarining o‘y-xayollari ham sodda. Ular o‘tayotgan har bir kuniga shukrona keltiradi. Ozgina qulayliklardan ham quvonishadi. Rahbarlarning e’tibori bizning olis tog‘ qishloqlarimizgacha yetib kelganining o‘zi biz uchun katta baxt, deydi ular.
Shu qishloqlik Jumagul Ibodova ham yosh oilaning sohibasi. Bir yoshdan endigina o‘tayotgan farzandi bilan uy yumushlari, oshxona tashvishlariga ham ulgurishi kerak. Qishloqqa suyultirilgan gaz ballonlarining uzluksiz kelib turishi uning ham tashvishlarini yengillashtirgan.
– Rosti ayollar uchun oshxona ishlari ko‘zga ko‘rinmaydi, lekin anchagina tashvishli, – deydi u kulib. – Ochig‘i hozir o‘choqqa o‘tin qalab ovqat qilishni, qumg‘onda choy qaynatishni tasavvur qila olmayman. Gaz bor. Farzandim tarbiyasiga ham bemalol ulguraman.
Darhaqiqat, Prezidentimiz tashabbusi bilan xalq manfaatini o‘ylab olib borilayotgan islohotlar olis qishloqlargacha yetib bormoqda. Aholining turmush tarzi farovonlashishiga xizmat qilyapti.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat)