Gaz jihozlari va uskunalarini texnik hamda profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish ularning nosozligini vaqtida bartaraf etish hamda turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali hamda uning shahar va tuman gaz idoralari tomonidan tasdiqlagan jadvallar hamda tariflar bo‘yicha iste’molchilarning ichki gaz tarmoqlari va gaz jihozlariga profilaktik xizmat ko‘rsatilib kelinmoqda.
Qarorda ko‘p qavatli turar joylardagi gaz plitalar, boshqa gaz uskunalari mavjud bo‘lmaganda ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish uskunalari yilda bir marta va har bir isitish mavsumi boshlanishidan avval mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazilishi majburiy qilib belgilab qo‘yilgan.

– Viloyat bo‘yicha 121011 iste’molchi mavjud, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialining servis xizmatini rivojlantirish bo‘limi yetakchi muhandisi Faxriddin Jumayev. – Joriy yilning may oyida 3717 aholi xonadonlari gaz jihozlari profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 514 tasi ko‘p qavatli uylar va 3098 tasi hovli xonadonlariga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, 565 tasi ko‘p qavatli uylar hamda 5126 hovli turar-joylarida istiqomat qiluvchi iste’molchilar gaz uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatildi.
Texnik va profilaktik ko‘rikda shaffoflikni ta’minlash maqsadida chilangarlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar haqidagi ma’lumotlar “HGT Servis” dasturiga kiritilmoqda. Ushbu dasturga ko‘rsatilgan xizmat haqida ma’lumot kiritilgach, xizmat haqi avtomatik hisob-kitob qilinadi. Bu esa iste’molchiga texnik xizmat to‘lovini onlayn to‘lash imkonini beradi.
Ayni paytda chilangarlar tomonidan aholi xonadonlaridan tashqari, ulgurji iste’molchilar gaz jihozlari va uskunalariga ham servis xizmati ko‘rsatib kelinmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA