Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz iste’moli: sarhisob va rejalar
11:14 / 2022-07-21

“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Navoiy viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, qarzdorlikni bartaraf etish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Bugun viloyatda 101 ming 293 iste’molchiga maishiy ballon hamda quvurlar orqali suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Ularga o‘tgan olti oy davomida 6 ming 904 tonna suyultirilgan gaz yetkazilgan.

Ta’kidlanganidek, suyultirilgan gaz ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlariga kiritilgan mahallalarga qo‘shimcha maishiy gaz ballonlar yetkazilmoqda. Har bir hududdagi iste’molchilar soni va ehtiyojiga qarab fond ajratiladi. Viloyat aholisiga bir oyda o‘rtacha 1000 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berilib, 2920 ta maishiy ballon orqali “aylanma” usulda xizmat ko‘rsatilyapti.

– 2022 yil davomida gaz tarmoqlarini mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilinadigan gaz quvurlari manzilli ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Navoiy shahrida “Yoshlik”, “Binokor”, Karmana tumanida “Yangi ariq”, “Azamat”, Navbahor tumanida “Yangi hayot” va Xatirchi tumanida “Chechak ota” mahallalarida tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, belgilangan vazifalar ijrosi natijasida 2 ming 460 ta xonadonda gaz ta’minoti yaxshilanadi, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Bahriddin Xudoyorov. – Ayni kungacha mavsumga tayyorgarlik doirasida viloyat bo‘yicha jami 2,9 km gaz quvurlari mukammal ta’mirlandi. Shuningdek, Navoiy shahrida 2,8 km, Karmanada 1,3 km, Xatirchida 1,3 km, jami 5,4 km tarmoqlar rekonstruksiya qilindi.

Gaz ta’minotining iste’molchiga bir me’yorda va xavfsiz yetkazilishida gaz taqsimlash qurilmalarining soz holatda bo‘lishi ham muhim ahamiyatga ega. Mavsum boshidan Qiziltepa tumanining “Malikobod”, “Madaniyat”, Navbahor tumanining “Burqut”, “Yangi hayot”, “Hashman”, Nurota tumanining Amir Temur nomli va Xatirchi tumanining “Xo‘jaqo‘rg‘on”, “Zarafshon” mahallalari aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi jami 8 ta qurilma kapital ta’mirlanib, mavsumga shay holga keltirilgan.

Mavsumga tayyorgarlik jarayonida 618 dona gaz taqsimlash qurilmalari taftish qilinib, 46,4 km gaz quvurlari bosim ostida zichlikka sinalib, havo bosimi yordamida tozalandi. 87,7 km quvurlar pribor usuli bilan tekshirildi. Gaz tarmoqlarining 170,9 kilometri esa estetik jihatdan tartibga keltirildi.

Ayni vaqtga qadar viloyatda avtomatlashtirilgan tizimga asosan, “aqlli hisoblagich”lar to‘liq o‘rnatib bo‘lingan hududlardagi 1007 ta gaz taqsimlash qurilmasi demontaj qilib olindi. Hozirda uch bosqichlidan ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimiga modernizatsiya qilingan xonadonlar soni 42 869 tani tashkil etadi.

– Gaz ta’minoti ikki bosqichli tizimga o‘tgan mahallalarda tabiiy gaz bosimi yilning har qanday faslida bir me’yorda bo‘ladi, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari Yashin Joniyev. – Chunki gaz bosimi hududlardagi gaz maromlash punktlari orqali nazorat qilinmaydi. Zamonaviy hisoblagichlarga o‘rnatilgan regulyator (maromlash qurilmasi)ning o‘zi bu vazifani bajaradi. Viloyatda tadbir boshidan buyon gaz hisoblash uskunalariga 68 ming 673 ta ana shunday qurilma o‘rnatildi. Tuman va shaharlarda bosqichma-bosqich gaz taqsimlash qurilmalarini demontaj qilib olish ishlari davom etmoqda. Yil oxiriga qadar yana 334 ta qurilmani demontaj qilish ko‘zda tutilgan.

[gallery-7981]

Matbuot anjumanida joriy yildagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda 114 ming 725 ta zamonaviy hisoblagich o‘rnatib bo‘lindi.

“Aqlli” uskunalar yordamida tabiiy gaz foydalanuvchilaridagi qarzdorlikni qisqartirish va uni bartaraf etish imkoniyati yaratilgani ahamiyatlidir. Joriy yilning ayni vaqtiga qadar “aqlli” hisobdon foydalanuvchilariga 76 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik uchun 318 ming 864 ta ogohlantirish SMSlari yuborilgan. Shundan 282 ming 276 nafar iste’molchi mavjud qarzdorligini bartaraf etgan bo‘lsa, 36 ming 588 nafar iste’molchi 8 milliard 370 million so‘mdan ortiq qarzdorlik uchun tarmoqdan avtomatik ravishda to‘xtatilgan.

Matbuot anjumanida tizim mutasaddilari 2022-2023 yil kuz-qish mavsumi davrida iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish, joriy yilning birinchi yarim yilligida gaz jihozlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari, gaz ta’minotini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish yo‘lida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. 

Joriy yil 1-yarmida 76 nafar ishchi-xodimga nisbatan yakka tartibda korrupsion holatlarining oldini olishga qaratilgan profilaktik-tushuntirish tadbirlari o‘tkazildi. Bo‘lim tomonidan ishchi-xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada olib bormaganliklari va ularning xatti-harakatlarida korrupsiya alomatlarini aniqlash maqsadida 29 ta xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, 27 holatda huquqni muhofaza qilish idoralariga vakolatlari doirasida qonuniy chora ko‘rishlik uchun ma’lumot taqdim etildi. Xizmat tekshiruvlari xulosalariga ko‘ra, 18 nafar xodimga nisbatan mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar oldi.

 

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA