– Avvallari nafaqat qishda, hatto yozda ham gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar tez-tez uchrardi, –deydi Guliston shahrida yashovchi mehnat faxriysi Husniddin bobo Isomiddinov. – Bosim pastligi va turli texnik nosozliklar sabab gaz uzilib qolardi. Xudoga shukur, u kunlar ortda qoldi. Hozir hisoblagich ham, bosim ham joyida. Tabiiy gaz ta’minotida umuman muammo yo‘q.
Buni nafaqat Husniddin bobo, balki Guliston shahridagi barcha fuqarolardan eshitish mumkin. Chunki so‘nggi yillarda Guliston shahrida gaz ta’minoti juda yaxshilandi. Bu “Gulistonshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi jamoasining tizimli va uzluksiz mehnati samarasidir.


Shaharda 28 mingdan ortiq xonadon va tashkilot tabiiy gazdan foydalanadi. Ular deyarli to‘liq avtomat hisoblash uskunalariga ulangan. Bu esa har bir iste’molchi qancha gaz ishlatganini masofadan turib aniqlash imkonini beradi.
–Joriy yilning ikkinchi choragida uch mingdan ziyod hisoblagich yangilandi, batareyalar almashtirildi, – deydi “Gulistonshahargaz” bo‘limi rahbari Vahobjon Turdimurodov. – Shu bilan birga, gaz tarmoqlari to‘liq nazoratdan o‘tkazilib, ta’mirlandi, bo‘yalib tartibga keltirildi. Quvurlarda aniqlangan nosozliklar bartaraf etildi, maxsus uskunalar yordamida tozalash ishlari amalga oshirildi. Gaz tarqatuvchi qurilmalar ko‘rikdan o‘tkazilib, sozlash ishlari olib borildi. Bu chora-tadbirlar gazning samarali tarqalishiga, yo‘qotishlarning kamayishiga xizmat qilmoqda. Albatta, to‘liq hal etilmagan ayrim masalalar ham bor. Biroq, umumiy holat yaxshi, jiddiy muammolar qolmadi. Biz uchun har bir xonadon ahamiyatli. Har bir fuqaroning roziligi bizning eng katta yutug‘imizdir.


Yana bir muhim natija gaz tejamkorligi. Joriy yilning olti oyida rejaga nisbatan 135 ming kub metrdan ortiq gaz tejalgan. Bu oddiy raqam emas, balki hisob-kitob va mas’uliyatli yondashuv samarasidir. Shu davrda 18 mingdan ziyod energiya tejovchi zamonaviy gaz qurilmalari ishga tushirildi. Minglab xonadonlarda yangi tizimlar o‘rnatildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yil boshidan buyon bo‘limga 59 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan ancha kam. Demak, odamlarda ishonch ortyapti, muammolar esa kamaymoqda. Endi “gaz bor, muammo yo‘q” deyishga asos bor.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri