Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gaz ballonlari sinovdan o‘tkazildi
16:41 / 2025-08-12

Sirdaryo viloyatida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini xavfsiz hamda uzluksiz suyultirilgan gaz bilan ta’minlash maqsadida maishiy gaz ballonlarini ta’mirlash va texnik sinovdan o‘tkazish ishlari izchil davom etmoqda.

“Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi Mirzaoboddagi yagona maishiy gaz ballonlarini ta’mirlash va sinovdan o‘tkazish markazi tomonidan joriy yilning 1 avgustiga qadar 9 ming 480 dona ballon tekshirildi. Shundan 9 ming 220 donasidagi jo‘mraklar yangisiga almashtirilib, bosim ostida sinov o‘tkazildi va ularga yana 5 yil foydalanish mumkinligini tasdiqlovchi maxsus belgi qo‘yildi.

Viloyatda tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan 82 ming 72 ta xonadon va ijtimoiy soha muassasalari suyultirilgan gaz bilan reja-grafik asosida ta’minlanadi.

Me’yorga ko‘ra, har bir maishiy gaz balloni 5 yilda bir marta bosim ostida sinovdan o‘tkazilishi shart. Sinovdan o‘tolmagan ballonlar ta’mirlanadi yoki yaroqsiz deb topiladi.

Bunday profilaktik tadbirlar aholi xavfsizligi, suyultirilgan gazdan samarali foydalanish va ehtimoliy nosozliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri