Ehtiyotkorlik xavfsizligimizni ta’minlovchi muhim omillardan hisoblanadi. Yoz faslining dastlabki oyi ham yakuniga yetay deb qoldi. Havo harorati anchagina ko‘tarilgan. Aynan shunday vaqtda iste’molchi sifatida barchamiz ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishimiz kerak. Ayniqsa, suyultirilgan gaz ta’minotiga moslashgan hudud aholisi bu borada e’tiborli bo‘lishi va gaz ballonlaridan to‘g‘ri foydalanishi shart.
Bugungi kunda Buxoroda 167 mingdan ortiq iste’molchi suyultirilgan gazdan foydalanadi. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan ularga belgilangan rejaga asosan gaz ballonlari yetkazilmoqda. Amaliy ishlar davomida gaz ballonlaridan to‘g‘ri foydalanish, o‘rnatish hamda belgilangan me’yor asosida ishlatish lozimligi tushuntirilmoqda.

Qorako‘l tumanida bugun 40 ta mahalla suyultirilgan gaz ta’minotiga moslashtirilgan. O‘z vaqtida gaz ballonlari yetkazib berilar ekan, shubhasiz, issiq havo haroratida gaz ballonidan to‘g‘ri foydalanish hamda ularning o‘rnatilishiga e’tibor qaratish lozimligi qayd etilmoqda.

– Tumandagi 30 mingdan ortiq iste’molchiga 35-40 kunga bormay gaz ballonlarini yetkazib beryapmiz, – deydi “Qorako‘ltumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining mas’ul xodimi Rashid Norboyev. – Kamolot mahallasi hududiga yaqin servis markazimizdan gaz ballonlarini olib ketishadi. Ularga belgilangan vaqtda 2 tonnadan ortiq gaz berildi. Har bir iste’molchi gaz ballonidan to‘g‘ri foydalanishi shart. Bu borada ham yo‘riqnomalar tarqatildi. Xususan, bo‘shatilgan yoki to‘ldirilgan maishiy gaz ballonlarini soya-salqin joyda saqlash, yosh bolalar, o‘z harakatini boshqara olmaydigan shaxslarga va gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarini bilmaydiganlarga ruxsat bermaslik, o‘zboshimchalik bilan mutaxassislar tomonidan o‘rnatilgan gaz ballonni joyidan boshqa joyga ko‘chirmaslik, undan noto‘g‘ri foydalanish, xususan, quyosh nuri to‘g‘ridan to‘g‘ri tushadigan joyda saqlash har xil baxtsiz hodisalarga olib kelishi mumkinligini yodda tutish lozim.

Aksar iste’molchilar bu kabi qoidalarga rioya qilmaydi, natijada turli baxtsiz hodisalar kelib chiqishi mumkin.
Xavfsizlikni ta’minlashga bo‘lgan e’tibor har birimizning kun shiorimizga aylanishi lozim. Yil- o‘n ikki oy bu borada e’tiborli bo‘lishimiz, gaz jihozlarini soz holatda saqlashimiz, muhimi esa, o‘zboshimchalik bilan gaz jihozlarini ta’mirlamay, aksincha, tizim xodimlariga murojaat qilishimiz shart.

Aynan suyultirilgan gaz iste’molchilariga gaz ballonlarini tarqatib kelayotgan soha xodimlari bu kabi masalalarga alohida e’tibor qaratmoqda.
Z.Komilov, O‘zA muxbiri