Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi
12:12 / 2025-12-16

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlarga oid alohida bob bilan to‘ldirilib, aholi salomatligi va genofondiga jiddiy xavf soluvchi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi moddalar kiritilyapti.  

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga narkotiklarning noqonuniy muomalasiga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik (rahnamolik) qilish hamda g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi normalar belgilanmoqda.  

Shuningdek, yig‘ilishda farmatsevtika faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, yuqori talabga ega bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni mahalliylashtirish, yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, amaldagi tartibda buyurtma asosida ishlab chiqariladigan dori vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasining aynan buyurtmani bajaruvchi tashkilotga berilishi texnologiyalar transferini cheklamoqda.  

Qonun loyihasida mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida “texnologiyalar transferi” tushunchasi kiritilmoqda. Ya’ni, dori vositalarini va tibbiy jihozlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonlarini bir farmatsevtika tashkilotidan boshqa farmatsevtika tashkilotining ishlab chiqarish maydoniga ko‘chirish amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.

Muhokamalarda fraksiya a’zolari ko‘rib chiqilgan qonun loyihalarida nazarda tutilayotgan normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirib, ularni qo‘llab-quvvatladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA