Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda
11:13 / 2026-01-15

Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksiga aholi salomatligi va genofondiga jiddiy xavf soluvchi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi moddalar kiritilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga narkotiklarning noqonuniy muomalasiga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik (rahnamolik) qilish hamda g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi normalar belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, bu turdagi jinoyatlarni qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi yuzasidan birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, Jinoyat kodeksiga taklif etilayotgan yangi moddalarning joylashuvi qayta ko‘rib chiqilib, bir qator moddalar yuridik-texnika qoidalariga muvofiqlashtirildi. Ayrim yangi tushunchalarga tahririy tuzatishlar kiritildi.

M.Komilova,  

O‘zA