French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ayrati bilagiga kuch bergan terimchi
12:20 / 2025-09-23

Shu kunlarda Buxoro viloyati Olot tumanida paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan. Ayniqsa, “Fayzullo Xo‘jayev” hududida joylashgan “Jo‘ra Ko‘mak” fermer xo‘jaligi dalalarida bu yuksak mehnat namunasi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Fermer xo‘jaligi joriy yilda 30 gektar maydonda yuqori sifatli paxta yetishtirdi. Rejaga muvofiq, xo‘jalik davlatga 100 tonnadan ortiq xomashyo topshirishni o‘z zimmasiga olgan. Bu ulkan vazifani ado etish yo‘lida 50 nafardan ortiq terimchi dalada mehnat qilmoqda. Ular orasida barchaga o‘rnak bo‘lib kelayotgan Sultonoy momo Ko‘makova ham bor. 

– O‘tgan yili uch tonnadan ortiq paxta terdim. Mahalladosh ayollar g‘ayratimga havas bilan qaraydi. 87 yosh bo‘lishimga qaramay, terimda o‘z hissamni qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Yoshlikdan mehnatga mehr qo‘yganman. Oppoq, lo‘ppi-lo‘ppi ochilib turgan paxtalarni termay bo‘ladimi. Shunchaki, havas, zavq olish uchun terimga tushaman. Bu men uchun ham jismonan, ham ruhan kuch beradi. Ayrimlar shu yoshda dalada nima bor ekan, deyishi mumkin. Buning gashti bo‘lak. Zavqini his qilish uchun esa paykal oralash kerak. Shunda Vatan tuyg‘usi, yurt mehri qalbda jo‘sh uradi, – deydi Sultonoy momo.

Fermer xo‘jaligida terim ishlari uyushqoqlikda tashkil etilgan. Har bir terimchining mehnati qadrlanmoqda. Ular uchun zarur sharoitlar yaratilib, terimda faolligini ko‘rsatib kelayotgan terimchilarga sovg‘alar ulashilmoqda. Terim pullari o‘z vaqtida to‘lab berilmoqda, bu esa terimchilarning rag‘batini yanada oshirmoqda.

Bugungi kunda dalalarda ulkan xirmonlar barpo etilgan. Har bir paxtazor mehnatkashlarning g‘ayrati, ter to‘kilgan halol mehnatning mevasi bo‘lib, yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, “Jo‘ra Ko‘mak” fermer xo‘jaligidagi paxta terimi bu nafaqat reja, balki fidokorlik, sadoqat va yurtga xizmat namunasidir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.