French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ayrat Majid: “Oppoq tabassum”
14:49 / 2025-09-29

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob

Iste’dodli shoir G‘ayrat Majidning “Oppoq tabassum” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.

Kitobdan shoirning Yangi O‘zbekiston, inson qadri, Vatanga muhabbat, mehr-oqibat va salaflarga cheksiz ehtirom ruhi aks etgan she’rlari,  “Xo‘jailmkoni”, “Adabiyot bog‘i” kabi ma’rifiy dostonlari joy olgan. 

Kitobni qo‘lga olarkansiz, tabassumda ham rang bo‘lishi mumkinmi, – degan o‘y ko‘ngildan birrov o‘tadi.

– G‘ayrat Majid yangi kitobini “Oppoq tabassum” deb qo‘yibdi. U nafaqat kitobdagi she’rlarning rangini, balki unda izhor etilgan tuyg‘ular, tasvirlangan manzaralar, his etilgan sezgilar, talaffuz qilingan tovushlarning ranglarini ham oppoq rangda tasavvur qiladi va kitobxonga taqdim etadi... Nafaqat tabassumning, bu dunyoyu u dunyodagi hamma narsaning rangi bo‘ladi. Faqat uni ko‘rish, sezish va his etish kerak. Xalqimizda “Oq fotiha”, “Oq yuvib, oq taragan”, “Oq yo‘l”, “Oq ko‘ngil” kabi atamalar bor. Bularning har birining tagida teran mazmun mujassam, deb yozadi kitob so‘ngso‘zida atoqli olim, akademik, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Shuhrat Sirojiddinov. 

Kitob mutolaasiga kirishishingiz bilan Shuhrat Sirojiddinov ta’kidlagan “oqlik”ka duch kelaverasiz. 

Shoir “Izhor” nomli kichik bir she’rida Vatanni qanday sevishini o‘ziga xos kamtarlik bilan ifodalaydi. So‘zni avaylab, tejab ishlatadi.

Ko‘ngilni tosh aylar dardi beg‘amlik,

Falakdan balanddir

Shu zamin,

Shu yer.

Mingta doston bitsam qiladi kamlik,

Arziydi ming yillab yig‘lab yozsam she’r.

 

Tinmaydi yuragim ko‘ksimga urib, 

Lolalar boshida ko‘r alvon shonni.

“Vatan-vatan”, deya jar solmay turib,

Jimgina sevaman O‘zbekistonni...

Mutolaa jarayonidayoq qalbga yorug‘lik, oq nur inayotganini, O‘zbekiston otlig‘ Vatan sizning ham jismu joningizda yashayotganini his qilasiz.

Shoir, avvalo, o‘zidagi tuyg‘uni o‘zgalar, she’rxon, ma’rifat ahli qalbiga ham ko‘chirishi lozim. Shu ma’noda iste’doli shoir G‘ayrat Majidning she’riy iqtidori, mahoratiga tan berasiz.

Shoirning “Safardaftar” ruknidan joy olgan she’rlari, ayniqsa, maroq bilan o‘qiladi.

Men benavo dilimga

                      navo istab kelibman,

Dardnok, xasta jonimga 

                     davo istab kelibman, deya yozadi Hazrat Alisher Navoiy marqadi qoshida turib shoir... 

 

Yoki Mavlono Ya’qub Charxiy ziyoratida:

Charxiy bobo, men huzuri muborakka,

O‘tmas dilni charxlagani kelgandirman.

Tinmay ko‘ksim urayotgan qon yurakka,

Qon dilimni sharhlagani kelgandirman, - deya arzi hol qiladi.

Mavzular rang-barangligi, she’rlar alohida-alohida qismlarga ajratilganligi, qolaversa, geografik kenglik – hamma-hammasi shoir ruhiy olami nechog‘li kengligiga dalolat qiladi.

Haqiqiy asar, she’rda tovlanayotgan ranglar olami xilma-xil bo‘lishi mumkin, ammo bu turfalik zamirida eng avvalo hayotga muhabbat, yorug‘lik, oqlik ko‘rinib turishi lozim. G‘ayrat Majid har kun porlab turgan quyosh yuzini bulut to‘sganda ham, borliq-olam nogoh qorong‘ulik bag‘rida cho‘mganda ham ezgulikni – oq rangni ko‘ra oladigan nigohlari tiyrak, nekbin shoir.

Siz yetmagan imkonlarga yetgayman men,

Siz bitmagan dostonlarni bitgayman men,

Qancha dovon bo‘lsa oshib o‘tgayman men,

Vatan, sening g‘amlaringni o‘ldiraman,

Vatan, sening kamlaringni to‘ldiraman.

 

Qadamlarim yetgan tog‘lar tuproq bo‘lar,

Tuproqlarni ilg‘aguvchi yaproq bo‘lar,

Yo‘llarimdan bisotlarim ko‘proq bo‘lar,

Vatan, sening g‘amlaringni o‘ldiraman,

Vatan, sening kamlaringni to‘ldiraman.

 

Yotar bo‘lsam yulduzlarga bosh qo‘yaman,

Yuragimning nurlaridan osh qo‘yaman,

Qayg‘u kelar yo‘llaringga tosh qo‘yaman,

Vatan, sening g‘amlaringni o‘ldiraman,

Vatan, sening kamlaringni to‘ldiraman.

 

Bobolarim kabi el deb, er bo‘laman,

Men Navoiy ko‘nglidagi she’r bo‘laman,

G‘ayratim-la she’r ichinda sher bo‘laman,

Vatan, sening g‘amlaringni o‘ldiraman,

Vatan, sening kamlaringni to‘ldiraman...

G‘ayrat Majidning “Oppoq tabassum” nomli yangi kitobini, albatta, o‘qing.

A.Narzulloyev, O‘zA