Gayane Umerova YUNESKO Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi raisi etib saylandi
Jahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiyaga a’zo davlatlar O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi, YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya rahbari Gayane Umerovani mazkur nufuzli tuzilma Bosh Assambleyasi 25-sessiyasining raisi etib sayladi.
Ushbu qaror o‘zbekistonlik mutaxassisning dunyo bo‘ylab madaniy meros va zamonaviy san’atni targ‘ib etish ishiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi, shuningdek xalqimizning boy tarixini asrab-avaylash va ommalashtirishga yo‘naltirilgan tashabbuslari e’tirofidir.

Umuman, Samarqandda o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi O‘zbekistonning xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash orqali sohani rivojlantirishga qaratilgan global tashabbuslarni amalga oshirishda kuchayib borayotgan roli ramziga aylandi.
A.Alimova, O‘zA