Gaudi uyida yashovchi ayolning eʼtirofi
Yer yuzi boʻylab COVID-19 keng tarqalishi oqibatida dunyoning eng mashhur sayyohlik hududlarida odatdagi ish va kun tartibi mutlaqo izdan chiqib ketgan.
Yer yuzi boʻylab COVID-19 keng tarqalishi oqibatida dunyoning eng mashhur sayyohlik hududlarida odatdagi ish va kun tartibi mutlaqo izdan chiqib ketgan. Jumladan, Barselonadagi mashhur Gaudi uyida yashovchi ayol epidemiya uning hayotini tubdan oʻzgartirib yuborganini gapirib berdi. Bu haqda “The Guardian” nashri yozgan.
Ana Viladomiu, mana 30 yildan oshibdi-ki, nafaqat Kataloniya, balki butun Ispaniyaning eng diqqatga sazovor sayyohlik manzillaridan biri sanalgan “La Pedrera” uyida istiqomat qilib keladi. Maʼlumki, bu uy mashhur modernist Antonio Gaudining shedevr ijod namunalari qatorida tilga olinadi. Pandemiya boshlanmasdan oldin mazkur obyektni tomosha qilish uchun kuniga 3 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurardi. Mahalliy aholi esa oʻz uyiga kirish uchun sanoqsiz olomon orasidan turtinib-surtinib, zoʻrgʻa oʻtib olishiga toʻgʻri kelardi.
Joriy yil mart oyida ushbu tarixiy joylarga sayohat taqiqlab qoʻyildi. “La Pedrera” eshiklari yopildi, men esa xuddi qorovuldek yashayapman, — deydi Viladomiu. — Endi bu yerda sokinlik, faqat mening qadamlarim tovushi eshitiladi".
Boshqa yana ikki oila binoning narigi qismida istiqomat qiladi — ularni Viladomiudan lift va zinapoya ajratib turadi. “Men uchun eng hayratlanarlisi, jim-jitlik, — deya oʻz tuygʻularini izhor qiladi qoʻshni qiz Ana. — Shu yerda yashab turib, hech qachon oʻzimni hozirgidek yolgʻiz his etmagandim. Shovqinli hayotga shunchalik oʻrganib qolgan ekanman-ki... Endi esa hech kim yoʻq. Birgina tasalli bor – chiqindilarni tashlash uchun pijamada tashqariga chiqish mumkin”.
Viladomiu tanho sayr qilib, choʻyandan tiklangan uy devorlariga solingan betakror naqshlarni tomosha qilish, yorqin, charogʻon hovlida bahra olish oʻziga cheksiz zavq ulashayotganini taʼkidlaydi: “Ushbu manzaralar qiyin onlarda kishiga dalda beradi, ruhan choʻkmaslikka undaydi”.