Shaxmat bo‘yicha 13-jahon chempioni Garri Kasparov hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorovning Yan Nepomnyaiy, norvegiyalik Magnus Karlsen va amerikalik Fabiano Karuan kabi dunyo shaxmatining amaldagi yetakchilarini dog‘da qoldirgan holda jahon chempionligiga erishganligini o‘ziga xos hayajon bilan qarshiladi, deya xabar bermoqda championat.com sayti.
“Ajoyib natija. Kelgusi avlod har doim siz kutganingizdan tezroq o‘sib bormoqda”, deb ta’kidlagan sobiq jahon chempioni.
Polshaning Varshava shahrida jahon chempionati dasturidagi rapid yo‘nalishi bahslari o‘tgan kuni yakunlanib, kecha, 29 dekabrdan e’tiboran blits bo‘yicha chempionat musobaqalariga start berilgandi.
Kecha, 29 dekabr kuni o‘tkazilgan 12-tur o‘yinlaridan keyin asli armanistonlik, hozirda AQSH bayrog‘i ostida musobaqalarda ishtirok etayotgan Levon Aronyan 10 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Undan keyingi o‘rinlarni 9,5 ochko bilan misrlik Amin Bassem va 9 ochko bilan eronlik Parxam Maqsudli egallab turishibdi. Hamyurtimiz 16 yoshli Javohir Sindorov esa 8,5 ochko evaziga musobaqaning 5-pog‘onasida qayd etilgan.
Bugun 13-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda Javohir hindistonlik Ardjun Erigaysi bilan ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, 13-tur o‘yinlari bugun Toshkent vaqti bilan 18:00da boshlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA