French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Garov mulki auksionga chiqarildi
17:27 / 2025-11-03

Sirdaryo tumanida kredit qarzini o‘z vaqtida to‘lamagan tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan garov mulki hisoblangan avtomashina auksion savdosiga chiqarildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosining hududiy bo‘limi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdor mas’uliyati cheklangan jamiyat “Xalq banki” aksiyadorlik tijorat bankidan olgan 4,1 milliard so‘mlik kredit mablag‘ini belgilangan muddatda qaytarmagan. Sud qaroriga asosan qarz majburiyatini undirish choralari ko‘rilgan.

Ijro hujjati MIB ning Sirdaryo tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, mas’ul ijrochilar qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lash uchun belgilangan muddat bergan. Biroq qarzdorlik bartaraf etilmagani sababli majburiy ijro jarayonlari boshlangan.

Natijada garov mulki hisoblangan “Malibu-2” rusumli avtomashina xatlanib, 205 million so‘m boshlang‘ich narxda “E-auksion” elektron savdo maydonchasi orqali auksionga chiqarildi. Sotuvdan tushgan mablag‘ bank foydasiga yo‘naltirilib, kredit qarzini qoplashga sarflanadi.

Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan kreditlar iqtisodiy faollikni oshirish va ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bois, kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanish va ularni o‘z vaqtida qaytarish nafaqat qarzdorning, balki butun tijorat muhitining moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi.

–   Har bir qarzdor belgilangan shartnomaviy majburiyatlarga rioya etsa, bunday choralarga ehtiyoj tug‘ilmaydi, –  deydi Majburiy ijro byurosining Sirdaryo tumani bo‘limining boshlig‘i Umidjon Mamarasulov. –  Biz tadbirkorlar bilan hamkorlikda ish yuritishga, masalani muloqot yo‘li bilan hal etishga intilamiz. Ammo o‘z majburiyatlarini bajarmaslik holatlarida qonun doirasida tegishli choralar ko‘riladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash doirasida berilgan imtiyozli kreditlar soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda qarz intizomining buzilishi bank tizimi va investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli, mas’uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri