Senat yalpi majlisida “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
– Mazkur qonun bilan kreditorlarning garovdagi mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlash va garovdagi mol-mulk hisobidan kredit qarzdorligini undirish jarayonlarini soddalashtirish nazarda tutilmoqda, – dedi Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev. – Xususan, garovga qo‘yilgan mol-mulk egasi jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etgani uchun undan mol-mulki olib qo‘yilsa, banklarga o‘z talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi berilmoqda.

Bundan tashqari, garovdagi mulkni bozor qiymatida savdoga chiqarish hamda qaytmagan qarzdorlik summasi garov qiymatining 15 foizidan kam bo‘lganda, undiruvni mulkka qaratmaslik belgilanmoqda.
Qonunda undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratilganda, ushbu mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich sotish narxi sud qarori bilan belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Qonunga ko‘ra, garovdagi mol-mulk qarzni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha sotilmaganda, davlat ijrochisi tomonidan undiruvchi (bank yoki boshqa qarz beruvchi tashkilot)ga mol-mulkni takroriy auksion savdolari yoki savdo tashkilotlari tomonidan qayta realizatsiya qilish chog‘idagi boshlang‘ich sotish narxidan 25 foiz kamroq summada o‘zida qoldirish taklifini bildirish tartibi belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlash, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, majburiyatlarni garovga qo‘yilgan mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirish va kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushini kamaytirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA