Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa bilan ziddiyatga borish niyati yo‘qligini, ammo mojaro yuzaga kelsa, Moskva “hozirning o‘zida tayyor” ekanini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, G‘arbning Ukrainaga doimiy yordami “nizoni davom ettiruvchi omil” hisoblanadi.
Putin Yevropa yetakchilarini muzokaralardan chetlatish kerakligini urg‘ulab, faqat AQSH bilan “kelishish”ni ma’qul ko‘rmoqda. G‘arb esa RFning agressiv harakatlari kuchayib borayotganini qayd etmoqda.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi yangi razvedka ma’lumotlarini e’lon qilib, Moskva NATOga qarshi 2029 yilgacha harbiy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan.
So‘nggi vaqtlarda Yevropada Rossiyaga bog‘liq deb taxmin qilinayotgan xakerlik hujumlari, sabotajlar, dronlar va havo hududi buzilishi holatlari keskin ko‘paydi. Polsha va Belgiyada aeroportlar noma’lum dronlar sabab vaqtincha yopildi.
Yevropa Mudofaa komissari Endryus Kubilyucning aytishicha, yangi provokatsiyalar zamonaviy urush doktrinalarini o‘zgartirmoqda, biroq G‘arb hali dronlarni aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha yetarli texnik imkoniyatga ega emas. Kubilyuc ittifoqning javob choralarini “yetarli darajada emas” deb baholadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA