Sentyabr oyi boshida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif o‘zaro mudofaa shartnomasini imzolagan edi. Kelishuv mudofaa sohasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlarini rivojlantirish, har qanday tajovuzga qarshi o‘zaro tiyib turishni kuchaytirishga qaratilgan. Bitimda ikki davlatdan biriga qarshi har qanday tajovuz umumiy xavf sifatida baholanishi ko‘zda tutilgan. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, G‘arb tahlilchilari ushbu kelishuvga munosabat bildira boshladi.
Masalan, “Financial Times” Isroil va Pokiston rasmiylari o‘rtasidagi vositachilik muloqotidan xabardor sobiq amaldorga tayanib, Saudiya - Pokiston kelishuvi AQSH va Isroilda Islomobodning yadroviy va raketa dasturi bilan bog‘liq maqsadiga xizmat qilishi haqidagi xavotirni kuchaytiradi, deb yozdi.
- Amerikaliklar va isroilliklar har doim Pokistonning yadro va raketa dasturi Isroilga tahdid solishi mumkinligidan cho‘chib kelgan va navbatdagi kelishuv shu qo‘rquvni yanada kuchaytirishi mumkin, - dedi nashrga nomini oshkor etmagan shaxs.
Ayni payt vashingtonlik ekspert Joshua Uayt gazetaga mazkur bitim Yaqin Sharq geosiyosiy vaziyati tektonik siljishiga javob ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, hozir ikkala davlat ham AQSH siyosatiga oid noaniqlik sharoitida hamkorlikni diversifikatsiya qilmoqchi.
S.Rahimov, O‘zA